Muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun qo‘shimcha 185 mlrd so‘m ajratiladi

Jamiyat

image

2025 yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. 

Bildirilishicha, kambag‘al oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj. 

“Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat bo‘lishi uchun, endilikda bu mablag‘lar tumandagi kambag‘allar soniga qarab taqsimlanadi.

Ijtimoiy daftarlar mablag‘ining 30 foizini tuman hokimlariga “Inson" markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yo‘l, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.

Yana bir masala – hozirda 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani ta’kidlandi. 

Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga o‘zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoya agentligi direktori Mansurbek Olloyorovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaga 2025 yilda kambag‘allik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarini 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.

Bundan tashqari, mutasaddilarga 1 martgacha to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlarni o‘qitishni boshlash topshirildi. To‘garak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi. Kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025 yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi. 

Oliygoh rektorlari ham kambag‘al oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni o‘qitishga bosh-qosh bo‘ladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ngratbay Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ushbu majlisda Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamovga nogironligi borlar uchun qulay sharoit yaratish borasida o‘zgarish qilmaganlarga qat’iy chora ko‘rish topshirilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

jarrohlik amaliyoti Kambag'al oilalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing