Kambag‘al oilalar a’zolariga subsidiya ajratiladi

Jamiyat

image

Kambag‘al oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqda 17 yanvar kuni qabul qilingan "2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra, og‘ir toifadagi 300 ta mahallada kooperatsiya asosida 180–500 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etiladi.

2025 yil 1 apreldan 2028 yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq hamda ularga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilanadi.

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun BHMning 10 baravarigacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Shuningdek, Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji negizida 2025 yil 1 dekabrgacha kreativ sohalar klasteri tashkil qilinadi.

Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida:

  • 2025 yil 1 fevraldan ish beruvchilar buyurtmasi va tijorat banklari mijozlari ehtiyoji asosida ishsiz aholini, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi;
  • 2025 yil 1 martdan aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlarini raqamli nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • 2025 yil 1 apreldan 12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 27 dekabr kuni tasdiqlangan “Faol nuroniylarni kambag‘al oilalarga biriktirish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda tanlab olingan nuroniylarga yashab turgan joyi bo‘yicha 5 tadan kambag‘al oila biriktirilishi belgilangandi. 13 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida esa 2025 yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratilishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

subsidiya Kambag'al oilalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing