Endi paxtani yetishtirganga, birjada sotganga va sotib olganga ham subsidiya beriladi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi, shuningdek, o‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million so‘mdan subsidiya oladi. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million so‘mdan subsidiya oladi.

Mutasaddilarga tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagisining 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirilgan.

Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident raisligida o‘tayotgan mazkur yig‘ilishda Andijonda kelgusida qo‘shimcha 20-30 ming ish o‘rni yaratilishi, viloyatda dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish maqsadida mana shunday yerlarning 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratilishi hamda Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etilishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing