Moskvadagi terakt qurbonlari 154 nafarga yetdi
Olam
−
24 mart
8032Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligining yangilangan ro‘yxatiga ko‘ra, 24 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 10:00 ga kelib, "Krokus Siti Holl"dagi terakt qurbonlari soni 154 kishiga yetdi.
Qayd etilishicha, yaralanganlarning uch nafari shifoxonadan chiqarilgan, qolganlari esa Moskva viloyati tibbiyot muassasalarida statsionar davolanmoqda.
Oldinroq, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi 152 kishi qurbon bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Rossiya Fideral Xavfsizlik Xizmati (FXX) direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga 11 kishi hibsga olinganini ochiqladi.
Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukrainaning Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 133 nafarga yetgani haqida xabar bergandi.