Moskvadagi qonli hujum aybdorining olib ketilgan qarindoshlariga nima bo‘ldi?
Olam
−
05 aprel
24039Avvalroq, Moskva yaqinidagi qonli hujumda ayblanayotganlardan biri Faridun Shamsiddinning ota-onasi, ukasi, xotini va sakkiz oylik chaqalog‘i noma’lum tomonga olib ketilgani haqida xabar bergandik.
"Asia-Plus" nashrining yozishicha, Tojikiston rasmiylari Faridunning yaqinlarini so‘roq qilganidan so‘ng qo‘yib yuborgan.
Shunga qaramay, uning Rossiyadan deport qilingani aytilgan opasi haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Ayblanuvchining o‘zi 23 mart kuni, "Krokus"ga qilingan hujumning ertasi kuni hibsga olingan.
Nashr jurnalistlari vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida yana Loyob qishlog‘iga borgan. Yo‘lda Faridunning ukalaridan biri Manuchehrni uchratib qolishgan.
"U Tojikiston pedagogika universitetining psixologiya fakultetida tahsil oladi. U ham yaxshigina so‘roqdan o‘tkazilib, to‘rt kun avval ota-onasi, akasining xotini va amakisi bilan qo‘yib yuborilgan. Ayblanuvchining ukasi so‘roq tafsilotlarini oshkor qilishni istamadi, faqat o‘zi va boshqa yaqinlari akasining yuzlab odamlarni o‘ldirganiga ishonmasligini aytdi", deb yozadi nashr.
Manuchehrga ko‘ra, u aynan terakt sodir bo‘lgan 22 mart kuni akasi bilan gaplashgan: "Faridun ishda ekan, kvartirasiga yetib borib, iftordan so‘ng qo‘ng‘iroq qilishga va’da bergandi".
Ma’lum bo‘lishicha, Faridun qurilishda ishlagan va Ramazon oyi boshlanishidan oldin uyiga 700 somoniy pul yuborgan.
"Ajablanarlisi u dinga ko‘pchilik qatori munosabatda bo‘lardi", degan Manuchehr.
Ayblanuvchining opasi qayerda?
Afsuski, Faridunning opasi – Mahbuba Zargarovadan xabar yo‘q. Rossiya matbuotiga ko‘ra, u mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Manuchehr opasi haqida: "Men faqat uning Rossiyadan deport qilinganini bilaman, lekin uyga qaytmadi", degan.
"Ozodi" radiosining bildirishicha, Mahbuba turmush o‘rtog‘i Aminjon Islomovning ham uyiga bormagan.
E’tiborlisi, uning eri Aminjon Islomov ham terrorchilik aktida ishtirok etganlikda gumonlanib, Rossiyada hibsga olingan. Aminjon, uning ukasi Dilovar va otasi Isroil Islomovlar terrorchilarga mashina sotishda ayblanib, ushlangan. Islomovlar mashinani Faridunga fojiadan ancha oldin sotganini ro‘kach qilgan.
Faridunning sakkiz oylik chaqalog‘i
"Faridun oiladagi besh farzandning ikkinchisi. U bir yil avval oila qurgan bo‘lib, ayni paytda 8 oylik chaqalog‘i bor. Hozir xotini sakkiz oylik bolasini olib, otasining uyiga ketgan", deyiladi nashrning surishtiruvida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Rossiya Fideral Xavfsizlik Xizmati (FXX) direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga 11 kishi hibsga olinganini ochiqladi.
Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukrainaning Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tergov qo‘mitasi terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 133 nafarga yetgani haqida xabar bergandi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida kamida 140 nafar odam halok bo‘lgan bo‘lsa, 360 dan ortiq kishi turli darajada jarohat olgan.
LiveBarchasi