Moderna o‘z vaksinasini qanchadan sotishini ma’lum qildi
Olam
−
22 noyabr 2020
8081Amerikaning Moderna kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksinani sotib olmoqchi bo‘lganlarga har bir doza 25-37 dollardan yetkazib beriladi. Bu haqda kompaniya rahbari Stefan Bansel “Welt am Sonntag” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Banselning ma’lum qilishicha, kompaniya Yevropaga o‘z vaksinasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzishga yaqin turibdi.
“Bu COVID-19 ning og‘ir shakliga chalingan bemorni davolash sog‘liqni saqlash tizimiga qanchaga tushishini inobatga olganda adolatli narx. Biz uchun gap maksimal daromad olishda emas”, degan Bansel.
Vaksina narxi buyurtma hajmidan kelib chiqib, o‘zgarib turadi. Moderna shu yil oxirigacha 20 mln doza vaksina ishlab chiqarmoqchi. Preparatning bir qismi Yevropaga ham yetkazib beriladi.
“Amalda hech nima imzolanmadi, ammo biz Yevropa komissiyasi bilan kelishuvga erishishga yaqinmiz... Biz Yevropani ta’minlashni xohlaymiz va konstruktiv muzokara olib boryapmiz”, degan Bansel.
Uning aytishicha, Bryussel bilan muzokaralar yakuniga yetay deb qolgan, yana bir necha kunda hammasi aniq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Moderna kompaniyasi ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksina 3-bosqich sinovida 94,5 foizlik samara ko‘rsatgani aytilgandi. Sinovlarda 30 ming kishi ishtirok etgan.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni saylovlar vaqtida o‘ziga qarshi fitna qilishda ayblab chiqdi. Tramp kompaniyalar o‘zi ishlab chiqqan vaksinalarning samaradorligi haqidagi ma’lumotlarni atayin saylovlardan keyin e’lon qilinganiga norozilik bildirgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

