Mirziyoyevning safari, “Artel”dagi muammolar, Prezidentlarning chegaradagi uchrashuvi va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
26 iyul 2019
4901Yakuniga yetayotgan 26 iyulning eng muhim voqealariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Shavkat Mirziyoyev Samarqandga safar qildi
Davlat rahbari safari avvalida Samarqand xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish va yangi terminal qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Prezident Oqdaryo tumanida fermerlar bilan uchrashib, hududda klasterlar va tomchilatib sug‘orish tizimini rivojlantirish kerakligini ta’kidladi. Mirziyoyev Samarqand viloyatining sayyohlik salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz loyihasi bilan tanishdi.
Viloyatga tashrifi yakunida davlat rahbari Samarqand tumanida viloyat faollari, sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashdi. So‘ng poytaxt Toshkentga qaytdi.
Endi oylik haqida ma’lumotni onlayn olish mumkin
Fuqarolarga uy yoki ish kompyuteridan uzoqlashmasdan bir necha soniya ichida o‘z ish haqi to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi.
Davlat xizmatlari agentligining ma’lum qilishicha, endilikda my.gov.uz portali yordamida buning iloji bor.
Prezident minnatdorlik bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘llagan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
Video: bokschi ringda hushidan ketib, vafot etdi
Kecha, 25 iyul kuni argentinalik bokschi Ugo Alfredo Santilyan jangdan keyin vafot etdi. Sportchi 20 iyul kuni urugvaylik Eduardo Xavera Abreuga qarshi ringga chiqqan. Ma’lmotlarga ko‘ra, jangning o‘rtasida bokschining burnidan qon oqa boshlagan, biroq u jangni davom ettirgan. Jang durang bilan tugagan, yakunda Santilyan hushini yo‘qotgan va shifoxonaga olib borilgan.
Prezidentlar chegarada uchrashdi
Bugun, 26 iyul kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ikki davlat chegarasi kesishgan joyda uchrashdi. Ular Qirg‘iziston-Tojikiston chegara hududida yashovchi aholi vakillari, qishloq oqsoqollari bilan uchrashdi.
Ukraina qo‘lga olgan tankerdagi dengizchilarni qo‘yib yubordi
Ukraina tomoni qo‘lga olingan tankerdagi dengizchilarni qo‘yib yubordi. Bu haqda Ukrainadagi Rossiya elchixonasi ma’lum qildi. Kemaning o‘zi hamon Izmail portida qolyapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, dengizchilar so‘roqda qatnashish majburiyati bilan qo‘yib yuborilgan. Ular tergovda guvoh sifatida ishtirok etadi. Dengizchilarga nibatan hech qanday ayblov qo‘yilmagan.
Toshkentda yo‘qolgan qiz topildi
Avvalroq, Toshkentda 19 yoshli qiz yo‘qolib qolgani haqida xabar bergan edik. Qiz onasi bilan janjallashib, uydan chiqib ketganicha qaytmagandi.
Bedarak ketgani aytilgan Zulxumor Xolmurodovna Narzullayeva topildi va sog‘-salomat. U hozirda onasi bilan birga. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.
AQSHda o‘lim jazosi tiklandi
AQSH Federal hukumati 16 yillik tanaffusdan keyin o‘lim jazosini davlat darajasida tiklashga qaror qildi. Mazkur qaror haqida AQSH Bosh prokurori Uilyam Barr Qamoqxonalar federal boshqarmasi rahbari Xyu Gurvitsni ogohlantirgan. O‘lim jazosi besh kishiga nisbatan qo‘llanadi.
Oy qolib quyoshni ham etak bilan yopayotganlar yoki suv keltirgan xor-u, ko‘za sindirgan azizmi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbayev, Abdurashid Abduqodirov, Akmal Umirzakov mamlakatda tobora avj olayotgan “snos” masalasiga bag‘ishlangan hammualliflikdagi maqolasini e’lon qildi. Parlamentariylar Hukumatdan “snos”lar ortidan chiqayotgan noroziliklar bo‘yicha deputatlar va jamoatchilikka asoslantirilgan tushuntirish berishini so‘radi.
Telekanallar energetik ichimliklar reklamasi bo‘yicha ogohlantirildi
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 22-1 moddasiga muvofiq, energetik ichimliklar reklamasida bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi eslatib o‘tdi.
Chorvoqda ikki yigit cho‘kib ketdi
Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborida ikki yigit qayiqdan yiqilib, cho‘kib ketdi. Voqea joriy yilning 24 iyul kuni soat 14:00 atrofida sodir bo‘lgani aytilmoqda. QALAMPIR.UZ hodisaga aloqador ayrim ma’lumotlarni va yigitlarning shaxsini aniqladi.
Suvga cho‘kkani gumon qilinayotgan yigitlardan biri 1995 yilda tug‘ilgan Dilshod Rixsiboyev, ikkinchisi 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomov bo‘lgan.
“Artel” “Made in Uzbekistan” nomiga dog‘ tushiryaptimi?
“Ba’zi kompaniyalarning ishlab chiqarayotgan tovarlari sifat talablariga javob bermasligi natijasida “Made in Uzbekistan” nomiga dog‘ tushirmoqda”, deb qat’iy yozmoqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi Gulnoza Sharofova. U o‘z maqolasida “Artel” kompaniyasining muzlatgichlari va sovitkichlari yuzasidan shikoyatlar ko‘pligini ochiqlagan.
Toshkentda ayanchli YTH: 1 qurbon, 6 jabrlanuvchi bor
Bugun, 26 iyul kuni poytax Toshkent shahrida yuz bergan ayanchli yo‘l-transport hodisasida bir kishi halok bo‘ldi va olti kishi turli darajada jarohat oldi.
YTH soat 07:20 da Sergeli tumani Birodarlik ko‘chasida sodir bo‘lgan. Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi 55 yoshli Aleksandr Z. 33 yoshli Kamal N. boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
“Bo‘yningni uzaman”: Prezidentning o‘g‘li viloyatni qanday boshqaryapti?
“Turkmaniston yilnomasi” kichik Berdimuhamedov viloyatga rahbarlik qilishni boshlaganidan beri ma’muriyatda qator o‘zgarishlar bo‘lgani haqida ma’lumot berdi.
Axal viloyati ma’muriy markazi Annau shahri Ashxoboddan taxminan 8 km uzoqlikda joylashgan. Sardor Berdimuhamedov ishga Prezident kortejidan namuna olgan holda oynalari “tonirovka” qilingan avtomobil va qo‘riqchilar hamrohligida kelib-ketadi.
LiveBarchasi