Mirziyoyev O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarga g‘amxo‘rlik bo‘yicha farmon imzoladi

Jamiyat

image
Mirziyoyev falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida davolashga tayyor ekanini bildirdi north_east

Mirziyoyev falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida davolashga tayyor ekanini bildirdi

100 nafar falastinlik O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi north_east

100 nafar falastinlik O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi

Saida Mirziyoyeva falastinlik bolalar holidan xabar olgani bordi (foto) north_east

Saida Mirziyoyeva falastinlik bolalar holidan xabar olgani bordi (foto)

O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga adolat tamoyili asosida doimiy g‘amxo‘rlik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish maqsadida bugun, 14 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.

Bildirilishicha, falastinlik uchun O‘zbekistonda qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagi ishlar bajarilgan:

  • ularni vaqtincha yashash ob’ektlariga joylashtirish, birlamchi ehtiyojlari yuzasidan masalalar hal etilgan;
  • ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarur dori-darmonlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan;
  • ularning jamiyatga integratsiya qilinishi va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash maqsadida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar va do‘stlik kechalari kabi tadbirlarni (shu jumladan, bolalar uchun) o‘z ichiga oluvchi maxsus dasturlar tashkil etilgan.

Farmon bilan falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni O‘zbekiston Respublikasida yashashga moslashtirish jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlangan. Komissiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov rahbarlik qiladi.

Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan:

  • mehmonlarga yaratilgan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • mehmonlarni hududlar kesimida joylashtirish hamda mazkur chora-tadbirlar bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish; 
  • mehmonlarni jamiyatga integratsiya qilish bilan bog‘liq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilish hamda bu boradagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va muammolarni hal qilishga qaratilgan choralar ko‘rib borish;
  • mehmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qisqa va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan takliflarni ishlab chiqish, joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini monitoring qilish.

Shuningdek, Respublika komissiyasi bir oy muddatda mehmonlar ehtiyojlari va imkoniyatlarini baholash orqali ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha har bir oila uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqib, tasdiqlashi topshirilgan.

Farmonda belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi, mehmonlar bilan mahalla darajasida bevosita ishlar “mahalla yettiligi” va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tashkil etiladi.  Mehmonlar uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ularning bo‘linmalari uchun majburiy hisoblanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan mehmonlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan davolanish muddatidan qat’i nazar nogironlikni belgilash choralarini ko‘radi. Agentlik ikki hafta muddatda mehmonlarga zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, farmonda har bir mehnat yoshidagi falastinlik (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etilishi, mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili bo‘yicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab berilishi, mehmonlarga farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorda to‘lanishi, mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plami) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul qo‘shimcha ravishda to‘lab berilishi, mehmonlarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini ro‘yobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktirilishi belgilangan. 

Farmonda O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarning farzandlarini ta’limga jalb qilish masalasi ham o‘rin olgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi quyidagi choralarni ko‘rishi belgilangan:

  • mehmonlar yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtirish;
  • mehmonlarning har bir farzandi o‘quv va tarbiya jarayoniga moslashishi uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarning direktorlari o‘rinbosarlarini biriktirish;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ta’lim tashkilotlarida mehmonlar farzandlarining moslashuvi va har tomonlama kamol topishi yuzasidan doimiy monitoring amalga oshirish.

Bundan tashqari, hujjatda quyidagilar belgilangan:

  • mehmonlar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028 yil 1 yanvariga qadar ozod etiladi;
  • mehmonlarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi “2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–12-son qarori doirasida mehmonlarning farzandlarini davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha ta’limga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy ta’lim tashkilotlariga tayyorlash yo‘nalishida) jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining 100 foizi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa ikki oy muddatda mehmonlarning xorijiy davlatda umumiy o‘rta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy ta’lim, qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olishni test sinovlarisiz va yig‘im undirmagan holda amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarning yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo‘yilishini ta’minlaydi va ularga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatishda kambag‘al oilalarga mansub shaxslar toifasi qatorida yo‘llanma ajratib boradi. 

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklarning xohishiga ko‘ra ularning bandligini ta’minlash, zamonaviy kasb-hunarni egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasiga takliflar kiritishi belgilangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Markaziy bank, AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan mehmonlarni oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash”, “Biznesga birinchi qadam” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturlari doirasida tadbirkorlikka jalb qilish choralarini ko‘rishi topshirilgan. Bunda dasturlar doirasida O‘zbekistonga keltirilgan falastinliklar moliyaviy ko‘maklardan foydalanishi uchun buyurtmalar qabul qilish va ajratilgan mablag‘lardan foydalanishni monitoring qilish hokim yordamchilari va mahalla bankirlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining mehmonlarni hamjihatlikda mahallaning ma’naviy muhitiga qo‘shish bo‘yicha “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qo‘shimcha vazifalarni yuklash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bir oy muddatda “mahalla yettiligi” va boshqa vakillarga qo‘shimcha yuklatilgan vazifalarga asosan ichki dasturlarni qabul qiladi va reja-jadvalga muvofiq zarur choralar ko‘rib boradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining mehmonlarning masalalarini hal etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz maxsus jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ham ma’qullangan.

Maxsus jamg‘arma quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

  • yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro tashkilotlarning grantlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar; 
  • maxsus jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklariga depozitga qo‘yishdan olingan foiz tarzidagi daromad;

Maxsus jamg‘arma mablag‘lari mehmonlarning quyidagi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi:

  • zarur shart-sharoitlar yaratish va tegishli xizmatlarni tashkil etish;
  • turli xarajatlarni qoplash va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;
  • moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish.

O‘rnatiladigan tartibga muvofiq:

  • maxsus jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etish Respublika komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi;
  • maxsus jamg‘arma xarajatlar yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
  • mehmonlarga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan beg‘araz beriladigan mol-mulklar (uy-joy va avtomototransport) mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazilib, Respublika komissiyasi tomonidan tasarruf etiladi.

Bosh prokuratura Ijtimoiy inspeksiya bilan birgalikda ushbu Farmonning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini muntazam ravishda nazorat qilib borishi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi  bilan birgalikda bir oy muddatda mehmonlarga yashash guvohnomasi (ID-karta) rasmiylashtirilishini hamda ularning ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlashi belgilangan.

Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov belgilangan. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov zimmasiga yuklangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 11 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng QALAMPIR.UZ buning uchun mamlakat tibbiyot tizimi qay darajada tayyor ekaniga qiziqdi va Sog‘liqni saqlash vazirining bolalar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘langandi. U falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli ekanini aytgandi.

2024 yil 27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston falastinliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing