Saida Mirziyoyeva falastinlik bolalar holidan xabar olgani bordi (foto)

Jamiyat

image

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan falastinlik bolalarni ko‘rgani bordi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

“Yangi yil arafasida yurtimizda davolanayotgan falastinlik bolalardan xabar oldim. Prezidentimizning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdim. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, ular qalbida beg‘uborlik va mo‘’jiza istagini saqlab qolgani chindan ham hayratlanarli. Umid qilamanki, e’tibor va mehr so‘zlari ularning ko‘nglida yorug‘ kelajakka ishonch uyg‘otadi. Ularga va jafokash Falastin xalqiga tinchlik va farovonlik tilaymiz”, deya yozgan Mirziyoyeva.





Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shundan so‘ng QALAMPIR.UZ buning uchun mamlakat tibbiyot tizimi qay darajada tayyor ekaniga qiziqdi va Sog‘liqni saqlash vazirining bolalar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘langandi. U falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli ekanini aytgandi.

27 dekabr kuni 100 nafar yaralangan falastinlik bolalar va ayollar hamda ularning hamrohlari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. O‘zbekistonning Qohiradagi elchisi Mansurbek Qilichevga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar O‘zbekistonda mehmon bo‘lib, o‘z vatanlariga qaytgunlariga qadar mamlakatdagi sharoitlardan foydalanadi. Xususan, ular davolanish va sog‘liqlarini qayta tiklash uchun reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtiriladi hamda mamlakatda bo‘lish davrida barcha zarur ehtiyojlar, jumladan, mehmonxona, turarjoy, maktablar va oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva falastinlik bolalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing