Mirziyoyev Mustaqillik bayramida Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirdi
Jamiyat
−
31 avgust 2021
8989Ayni vaqtda Toshkent shahrida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” majmuasidagi amfiteatrda mamlakat Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergandik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirda bayram nutqini so‘zladi va unda O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasi haqida gapirdi.
“So‘nggi kunlarda yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarni hammamiz tashvish bilan kuzatib turibmiz. Biz bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.
Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda ko‘prik vazifasini bajara olishiga ishonamiz”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari ushbu mamlakatdagi hokimiyat almashinuvi tinch yo‘l bilan o‘tishi tarafdori ekanini ma’lum qilgan.
“Afg‘oniston bilan aloqalarimizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz.
Ushbu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi o‘ta muhim, deb hisoblaymiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etish kerakki, bundan avvalroq davlat rahbari O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovni yodga olib, mustaqillikning ilk yillarida amalga oshirilgan ulkan ishlarni sanab o‘tdi.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
Rasmiy Toshkentning Afg‘onistondagi keskinlik paytida evakuatsiya bo‘yicha ko‘rsatayotgan yordami
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston nafaqat afg‘onistonlik qochqinlarni o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha ishlar olib bormoqda, balki xorijiy fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bo‘yicha Yevropa davlatlariga ko‘maklashmoqda. Bu uchun albatta, minnatdorlik bildirgan davlat rahbarlari ham bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan bir necha kun mobaynida O‘zbekiston hududi orqali xorijiy davlatlarning 1982 fuqarosi evakuatsiya qilindi. Ushbu jarayonlarda Toshkent-3 mahalliy aeroporti tranzit vazifasini o‘tamoqda. Bundan tashqari, ushbu jarayonlarga Buxoro va Nukus aeroportlari ham jalb qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi quladi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Shu bilan mamlakatda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi.
2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi. Joriy yilning 19 avgust kuni esa toliblar Afg‘onistonni Islom Amiriligi, deb e’lon qildi.
LiveBarchasi