Mirziyoyev Meloniga Registon va “Boqiy shahar”ni ko‘rsatdi

Jamiyat

image

Kecha, 28 maykuni Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorjiya Meloni rasmiy tashrif bilan Samarqandga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Registon maydonida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, dunyoga mashhur Registon maydoni buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini aks ettiruvchi mamlakatimizning asosiy tashrif qog‘ozidir. Majmuadagi Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari o‘zining ulug‘vorligi, boy tarixi va betakror me’morchiligi bilan yurtimiz mehmonlarida chuqur taassurot qoldirmoqda”, deyiladi xabarda.

Oliy martabali mehmonga ushbu Sharq shaharsozligi durdonasining qurilish tarixi, me’moriy yechimlari va bezaklarining o‘ziga xos jihatlari, ushbu maskan bilan bog‘liq muhim voqealar va shaxslar, shuningdek, o‘zbek xalqining madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.

So‘ngra davlat rahbarlari "Silk Road Samarkand" xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldi. O‘zbek xalqining boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy san’atini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tomosha qilindi. Raqs jamoalarining chiqishlaridan iborat madaniy dastur namoyish etildi.

Italiya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi asosiy tadbirlari bugun, 29 may kuni bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi muzokaralar va boshqa qator ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ertaga, 30 may kuni esa Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ishtirokidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Meloni avvaliga 25-27 aprel kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga, keyin esa Qozog‘istonga borishni rejalashtirgan edi. Biroq 21 aprel kuni Rim papasi Fransiskning vafoti va undan keyingi motam tadbirlari tufayli tashriflar qoldirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Italiya Registon Jorjiya Meloni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing