Markaziy Osiyo davlatlari Italiya bilan birinchi marta sammit o‘tkazadi
Olam
−
26 may 2025 5455 2 daqiqa
30 may kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ishtirokidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Shu kuni Italiya hukumati rahbari Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan boradi.
Meloni avvaliga 25-27 aprel kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga, keyin esa Qozog‘istonga borishni rejalashtirgan edi. Biroq 21 aprel kuni Rim papasi Fransiskning vafoti va undan keyingi motam tadbirlari tufayli tashriflar qoldirildi. Meloni 28-29 may kunlari Samarqandda bo‘ladi.
Qayd etish joiz, Markaziy Osiyo “beshligi” – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlarining boshqa davlat rahbari bilan uchrashadigan formatdagi sammitlari bir necha yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Bu kabi tadbirlar Tashqi ishlar vazirliklari yoki boshqa idoralar rahbarlari ishtirokida ham o‘tkazilmoqda.
Bu yil yozda Ostona “Markaziy Osiyo – Xitoy”, kuzda esa Dushanbe “Markaziy Osiyo-Rossiya” sammitiga mezbonlik qilishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari hamda Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso qatnashdi. Sammit natijasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 mlrd yevrolik investitsiya kiritadigan bo‘ldi.