Melonining O‘zbekistonga tashrifi qoldirildi
Jamiyat
−
23 aprel 9217 2 daqiqa
Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni shu hafta O‘zbekiston va Qozog‘istonga kelishi rejalashtirilgan edi, biroq u Rim papasining vafoti munosabati bilan safarini keyinga surdi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti matbuot kotibi Ruslan Jeldibayga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.
Jeldibayning ma’lum qilishicha, Italiya tomonining iltimosiga binoan Bosh vazir Jorjiya Melonining Qozog‘istonga rejalashtirilgan tashrifi hamda “Markaziy Osiyo – Italiya” birinchi sammiti boshqa muddatga ko‘chirilgan. Bu o‘zgarish Bosh vazirning Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan motam tadbirlarida ishtirok etishi bilan bog‘liq.
“Yangi tashrif sanalari tomonlar o‘rtasida kelishilmoqda. Aniq muddatlar haqida keyinroq xabar beramiz”, degan Jeldibay.
Ma’lumot uchun, Rim papasi Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. Fransiskning o‘limiga insult sabab bo‘lgani aytildi. Vatikan tomonidan e’lon qilingan o‘lim guvohnomasida qayd etilishicha, insult og‘ir va qaytarib bo‘lmaydigan yurak yetishmovchiligiga olib kelgan. Tibbiy xulosaga ko‘ra, Fransisk multimikrobiyal ikki tomonlama pnevmoniya, ko‘p bronxoektaziya, yuqori qon bosimi va II turdagi diabet tufayli kelib chiqqan o‘tkir nafas yetishmovchiligidan aziyat chekkan. Rim papasi Fransiskning dafn marosimi joriy yilning 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Marosimda AQSH Prezidenti Donald Tramp, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jorjiya Meloni 25-26 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi xabar qilingandi. Shuningdek, u Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan 26-27 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga borishi va 27 aprel kuni mamlakat poytaxti Ostona shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – Italiya” sammiti o‘tkazilishi xabar qilingan edi.