Metroda begona qizga shilqimlik qilgan instablogerning ishi sudda ko‘rib chiqiladi (video)
3-sahifa
−
31 may 2023
17522Ijtimoiy tarmoqlarda bir yigitning metroda notanish qizga shilqimlik qilgani aks etgan video tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tasvirdagi yigitning shaxsi aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.
Videodan ko‘rish mumkinki, yigit metroda ketish jarayonida begona qizning qo‘lini ushlashga harakat qilgan. Qiz undan o‘zini olib qochishga uringaniga qaramay, yigit yana unga nisbatan shilqimlik qilishda davom etgan va bu harakatni sherigi yordamida tasvirga olib, ijtimoiy tarmoq orqali tarqatgan. Keyinroq boshqa video e’lon qilgan va unda bu harakat prank ekani hamda uning videosi noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytib, uzr so‘rab chiqqan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, metroda shilqimlik qilgan yigitning shaxsi aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan va chora ko‘rish uchun sudga yuborilgan.
Ma’lumot uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning mazkur moddasiga ko‘ra, ayblanuvchi bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha (660 ming so‘mdan 1 million 650 ming so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortilishi yoki besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin. Bunday harakat bir yil ichida takror sodir etilganda esa bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha (1 million 650 ming so‘mdan 2 million 320 ming so‘mgacha) miqdorda jarimaga tortishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin. Jamoat joyida o‘zgalarga nisbatan shilqimlik qilish uchun besh sutkagacha ma’muriy qamoqni nazarda tutuvchi qonun loyihasi shu yilning 11 yanvarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va aprel oyida qabul qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda bunday holat avval ham kuzatilgan. O‘shanda, joriy yilning 10 may kuni “Chilonzor” metro yo‘nalishidagi poyezdda notanish qizga shilqimlik qilgan 24 yoshli yigit besh sutkaga qamalgandi.
LiveBarchasi