Metroda qizga shilqimlik qilgan yigit qamaldi
3-sahifa
−
17 may 2023
10400Toshkent shahrida metro vagoni ichida yosh qizga shahvoniy shilqimlik qilgan 24 yoshli yigit 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 10 may kuni soat 15:20 larda Chilonzor tumanida joylashgan metropolitenning “Chilonzor” metro yo‘nalishidagi elektropoyezd vagoni ichida sodir bo‘lgan. Vagonda 1999 yilda tug‘ilgan yigit o‘ziga notanish bo‘lgan voyaga yetmagan qizning belidan past qismini ushlab, shilqimlik qilgan.
12 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida huquqbuzar (muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan)ga oid ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida yigit o‘zining yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatdagi aybiga iqror bo‘lgan. U qilmishidan pushaymonligini, bundan keyin bu kabi harakatlarni sodir etmasligini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili haqiqatdan elektropoyezd vagoni ichida o‘ziga notanish bo‘lgan shaxs uning bel qismi va tanasining boshqa qismlarini qo‘li bilan ushlaganligini bildirib, suddan unga og‘irroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Sudning qaroriga ko‘ra, huquqbuzar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi va unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda birovga shilqimlik qilish, ortidan ergashib ta’qib qilish, tinmay telefon qilish va shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar uchun ham alohida javobgarlik belgilanishi bo‘yicha Qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, bunday xatti-harakatlar 1,5 mln so‘m jarimaga yoki 5 sutka qamoq jazosi tayinlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi