Kechirilmas jinoyatlar yana bittaga ko‘paydi – yangi qonun loyihasi ayollar va bolalar himoyasini qanchalik kuchaytiradi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 11 yanvar kuni regulation.gov saytida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishda qonunchilikka bir qator jiddiy o‘zgartirishlar kiritishni ko‘zda tutadi. Quyida qonun loyihasi taklif etayotgan ayrim muhim o‘zgarishlar haqida ma’lumot beramiz.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda: “Ta’qib etish” (Stalking) tushunchasiga ta’rif berilib, ta’qib etganlik uchun ham himoya orderi berilishi mumkinligi belgilanmoqda, bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan 1 yil muddatgacha berilishi belgilanmoqda. Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra bunday himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan 30 kun muddatga berilgan. 

Oila kodeksida xorijiy davlatga ketayotgan ota-ona zimmasiga o‘z bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini ko‘rish majburiyati yuklatilmoqda.

“Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr qimmatiga, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa, O‘zbekiston Respublikasiga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat ko‘rsatiladigan ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash muassasalarida ishlashlari taqiqlanmoqda.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotinqizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari xotinqizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy sudlarga berilgan da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinishi belgilanmoqda

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda “zo‘ravonlik”, “jinsiy zo‘ravonlik”, “jismoniy zo‘ravonlik”, “ruhiy zo‘ravonlik”, “g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik” hamda “vasiylik va homiylik organi” kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksida: 

•    o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. 

Xususan, ularga nisbatan: 

•    jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmaydi (amaldagi qonunchilikka ko‘ra ushbu jinoyatni sodir etganlikda ayblanib jazoga tortilgan shaxslar jazo muddatini yarimini o‘tab bo‘lgach jazo yengilrog‘iga almashtirilishi va jazo muddatining uchdan ikki qismi o‘talgan taqdirda shartli ravishda ozod qilinishi mumkin);

Quyidagi jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirish taklif qilinmoqda:

•    ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash uchun 30 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; (amalda 15 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari) 

•    nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati uchun 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; (amalda: 1-qismi 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish)

•    16 yoshga to‘lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; (amalda: 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish.)

•    shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish jinoyati uchun 300 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish; (amalda 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari)

•    shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda (141¬¬3-modda), taklifga ko‘ra jinoyatchiga 120 mln so‘mdan 180 mln so‘mgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; og‘irlashtiruvchi holatlar (takroran, xavfli retsidivist yoki bir guruh shaxslar tomonidan yoxud voyaga yetmagan shaxsga nisbatan) mavjud bo‘lganda – 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. (AQSH, Germaniya, Yaponiya, Kanada kabi davlatlarda ushbu jinoyat uchun javobgarlik qonunchilikda belgilangan.)

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish, shaxsni, uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so‘zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash yoxud unga nisbatan shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar qilish uchun javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra huquqbuzarga 600 ming so‘mdan 1,2 mln so‘mgacha jarima qo‘llanilishi mumkin.

 Javohir Ergashev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

tazyiq zo'ravonlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing