Maktablarda bolalarga zo‘ravonlik qilishga moyil o‘qituvchilar aniqlanadi
Jamiyat
−
10 yanvar
3098O‘zbekistondagi ta’lim dargohlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka moyilligi bor pedagoglar aniqlanib, ularga psixologik yordam berilishi yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida so‘z boradi.
Dasturga ko‘ra, ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi. 2025 yil oktyabrigacha bulling, suitsid, voyaga yetmaganlar jinoyatini oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha pedagog kadrlar uchun maxsus kurs va dasturlar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy so‘nishining oldini olish, stresslarga bardoshlilik darajasini oshiruvchi simulyator va keyslar yaratish rejalashtirilgan. Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi ushbu masalalar ijrosi uchun asosiy mas’ul etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 26-maktabda o‘quvchiga qo‘l ko‘targan direktor o‘rinbosariga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgandi.Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa o‘tgan yilning oktyabr oyida maktab o‘quvchisini ayovsiz kaltaklangan informatika fani o‘qituvchisiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
LiveBarchasi