Mulozim erini zo‘ravonlik va pedofiliyada ayblagan ayol o‘g‘irlab ketildi

Olam

−

image

Turkmanistonda sobiq eri – yuqori lavozimli mulozimni o‘ziga va 11 yoshli qiziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganinini ochiqlagan va mulozimning jazolanishiga harakat qilayotgan ayol  joriy yilning 16 oktyabr kuni kechqurun kuch ishlatar tizimlar tomonidan o‘z uyidan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 16 oktyabr soat 17:00 lar atrofida Jeren qizi bilan yashaydigan xonadonga politsiya va prokuraturaning to‘qqiz nafar xodimi bostirib kirgan. Ular ayolga hatto poyabzalini kiyishga ham imkon bermay ushlab, avtomobilga bosgan va olib ketgan. Bularning barchasi kichik qizchaning ko‘z oldida sodir bo‘lgan. Qizchadan qarindoshlari xabar olib turgan bo‘lsa-da, u amalda yolg‘iz qolgan.

Kuch ishlatar organlar jabrlanuvchiga nega xavfli jinoyatchi kabi muomala qilishayotgani, u qayerga va qancha muddatga olib ketilayotgani hamda qaysi maqomda ekani haqida hech qanday izoh bermagan. Deyarli uch sutkadan beri Oltiyevaning taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas. U bloger Nurmuhammet Annayevga va nashrga o‘z boshidan kechirganlarini oshkora aytib bergani uchun qiynoqqa solinishi yoki ruhiy bosimga uchrashi mumkin.

2025 yilda Jeren Oltiyeva nufuzli bojxona mulozimi Mesgen Akmammedov bilan shar’iy nikohda yashay boshlagan. Intim munosabatlar o‘rniga erkak Jerenni zo‘rlab kelgan, ammo boshida ayolni bu vaqtinchalik psixologik muammolarning ko‘rinishi va tez orada bundan xalos bo‘lishiga ishontirishga erishgan. Shunga qaramay, u o‘z harakatlarini davom ettirgan va oradan ko‘p o‘tmay Jerenning birinchi turmushidan bo‘lgan o‘sha paytdagi 11 yoshli qiziga shilqimlik qila boshlagan. Shu sababli qizcha o‘z joniga qasd qilishga uringan.

“Oltiyeva bir necha oydan beri Akmammedovning jazolanishini hamda o‘zi va qizi uchun adolat qaror topishini talab qilib kelmoqda. Uning tug‘ilgan shahri Bayramali, shuningdek, zo‘ravonlik takrorlangan Baxtiyorlik etrapi va Ashxobod shahri prokuratura organlari dalillarni soxtalashtirib va qonunni manipulyatsiya qilib, jinoyat ishini yuritishdan bosh tortigan”, deyiladi xabarda. 

Nashrning yozishicha, ayolning Bosh prokuratura, Oliy sud va Turkmaniston ombudsmaniga qilgan shikoyatlari ham hech qanday natija bermagan. Akmammedovni nafaqat kuch ishlatar tuzilmalardagi, jumladan, Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligidagi do‘stlari, balki mamlakatning eng nufuzli ayollaridan biri – Arqadag‘ shahri hakimi Gulshod Mammedova ham himoya qilayotgan bo‘lishi mumkin. Erkak ularning qarindosh ekani taxmin qilinmoqda.

“Turkmaniston odil sudlov va inson huquqlarini himoya qilish tizimi uning oldida eshiklarini yopgani sababli Jeren Oltiyeva bu voqeani oshkor qilishga qaror qilgan edi. Zo‘ravonlik sodir etgan mulozimni emas, balki jabrlanuvchini ta’qib qilish – bu nafaqat qonunsizlikning va asosiy axloq normalarining buzilishining yaqqol misoli, balki Turkmaniston obro‘siga tushadigan ehtimoliy xunuk dog‘dir. Oltiyeva zudlik bilan ozod etilishi va uning konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishi kafolatlanishi kerak”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmanistonning Turkmanobod shahrida go‘shtning qimmatligi sababli stixiyali norozilik yuz bergani va olomonni tinchlantirish uchun huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yetib voqea joyiga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, tushuntirish ishlari olib borgan politsiyachilardan farqli o‘laroq, Milliy xavfsizlik vazirligi vakillari ularni zudlik bilan qo‘lga olishni buyurgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing