“To‘qlikka sho‘xlik”. Turkmanistonda odamlar go‘sht narxi sabab bosh ko‘tardi
Olam
−
06:56 1288 3 daqiqa
Joriy yilning 21 avgust kuni Turkmanistonning Turkmanobod shahrida go‘shtning qimmatligi sababli stixiyali norozilik yuz berdi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, “Turkmen.news” xabar berdi.
Qayd etilishicha, haddan tashqari yuqori narx mahalliy “Yashil bozor”ning go‘sht bo‘limidagi xaridorlarning g‘azabini keltirgan. Odamlar go‘sht narxidan va shu bilan birga o‘zlarining kam ish haqidan baland ovozda norozilik bildira boshlagan. Olomonni tinchlantirish uchun huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yetib kelgan. Tushuntirish ishlari olib borgan politsiyachilardan farqli o‘laroq, Milliy xavfsizlik vazirligi (MXV) vakillari ularni zudlik bilan qo‘lga olishni buyurgan.
Odamlarning bir qismi haqiqatan ham ushlangan, bunda aynan kimlarni ushlash kerakligini maxsus xizmat vakillari ko‘rsatib turgan. Asosan eng faol norozilik bildirgan yoshi katta erkaklar va yosh yigitlar olib ketilgan. Hatto baland ovozda norozilik bildirgan ayollar ushlanmagan.
Voqea ishtirokchilarini MXV xodimining ularga aytgan “to‘qlikka sho‘xlik qilayotganliklari” va “agar ko‘p gapirishsa, umuman go‘shtsiz qolishlari” haqidagi gaplari g‘azabga keltirgan. Shundan so‘ng, ayollar xodimga tashlanib, so‘ka boshlagan va uning o‘z farzandlari har kuni go‘sht yeyishini aytgan. Bunga javoban xodim kulib yuborgan va bu odamlarning g‘azabini yanada oshirgan.
G‘aloyon va uni bostirish ikki soatcha davom etgan. Huquqni muhofaza qiluvchilar xaridorlarning sodir bo‘layotgan voqealarni videoga olishga bo‘lgan har qanday urinishlarini bartaraf etgan. Qo‘lga olinganlarni nima kutayotgani hozircha noma’lum.
Manba Lebapda odamlarning noroziligiga olib kelgan aniq oziq-ovqat vaziyati haqida so‘zlab bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ashxobodda go‘sht narxlari quyidagicha: suyakli mol go‘shtining bir kilogrammi 130 manatdan (bozor kursi bo‘yicha 6,8 dollar), lahm go‘sht 170 manatdan, qiyma esa 150-250 manatdan sotilmoqda. Nashrning yozishicha, hatto poytaxtda ham go‘sht sotib olishga qurbi yetadigan odamlar kamayib bormoqda. Ular tovuq go‘shtiga o‘tmoqda.
Mijozlarning so‘zlariga ko‘ra, Turkmanobodda ham ahvol yaxshi emas. “Yashil bozor”da bir kilogramm suyakli mol go‘shti 150 manatdan, lahm go‘sht esa undan ham qimmat – 180 manatgacha turadi. Turkmanobodliklarning ish haqi poytaxt aholisinikiga qaraganda pastroq. Ko‘pchilikda u taxminan 1400 manatni (73 dollar) tashkil etadi. Shu bilan birga, mahalliy bozorda defitsit aynan poytaxtdagi talab sababli ortib bormoqda.
“Chorva ushlab turilgan qishloqlarga ashxobodliklar kelib, hammasini sotib olishmoqda. Hayvonlarni shu yerning o‘zida so‘yib, muzlatgichli furaga ortishadi va olib ketishadi”, deydi manba.
Unga tanish qassobining aytishicha, maxsus xizmatlar qassoblar va go‘sht sotuvchilari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazmoqda. Ularga narxlar bo‘yicha xaridorlar bilan tortishmaslik haqida ko‘rsatma berilmoqda.
Nashrning yozishicha, Turkmanistonda go‘sht mahsulotlari narxining sezilarli darajada oshishi bir qator sabablar bilan davom etmoqda. Ma’lum qilinishicha, Ashxobodda sotish uchun go‘shtni ommaviy ravishda g‘amlab qo‘yadigan xaridorlardan tashqari, uni Täze Aý kolbasa ishlab chiqaruvchisi ham faol ravishda sotib olmoqda. Bundan tashqari, sotuvchi-fermerlar qishga borib mahsulot yanada qimmatlashadi – bir yarim-ikki baravarga oshadi, degan hisob bilan mahsulotning bir qismini ushlab turibdi.
Manba sabablar orasida chorvadorlar uchun yuqori tannarxni ham tilga oladi. Ular pichan va sanoat ozuqalarining qimmatligidan shikoyat qiladi. Bu omil, o‘z navbatida, qurg‘oqchilik va boshqa tabiiy ofatlar sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Bunga mamlakatda qishloq xo‘jaligini boshqarishdagi muammolar ham qo‘shiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmanistonda go‘sht narxining qimmat ekanini tanqid qilgan Didar ismli bloger bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgandi. Oradan bir necha kun o‘tib, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari izohlarda u politsiya tomonidan olib ketilgach, vafot etganini yozgan. Keyinroq esa uning qabri topilgan.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust