Fransiyadagi tartibsizliklar: Makron zo‘ravonlikni qoraladi, 2,4 ming kishi hibsga olindi

Olam

−

image

Fransiyada bir necha kundan beri davom etayotgan tartibsizliklar oqibatida qariyb 2,4 ming kishi hibsga olindi, politsiya va jandarmeriyaning mingga yaqin xodimi jarohatlandi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron zo‘ravonlikni keskin qoraladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

“Bu tasvirlarni ko‘rib, barchamiz fransuzlar o‘z mamlakatiga qanday qilib bunday munosabatda bo‘lishi mumkin, deb o‘yladik”, degan Makron telemurojaatida.

Prezident zo‘ravonlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini bildirgan. Uning aytishicha, mahalliy davlat idoralari zarur deb topsa, ayrim ko‘cha yig‘ilishlarini taqiqlashi mumkin. Makron, shuningdek, tinch namoyishchilarni binolarni vayron qilayotgan va do‘konlarni talayotgan guruhlardan farqlash kerakligini aytgan. U tartibsizliklarda o‘ta so‘l guruhlar va jinoyatchilarni ayblagan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 17 oktyabr kuni Fransiyaning yirik shaharlarida o‘n minglab odamlar tinch namoyishlarda qatnashgan. Ular maktablarda o‘qituvchilar sonini ko‘paytirish, ta’mirtalab ta’lim muassasalarini ta’mirlash va davlat xizmatlariga ko‘proq mablag‘ ajratishni talab qilgan. Namoyishchilarning yana bir qismi yashash xarajatlarining yuqoriligidan norozilik bildirgan.

Biroq tinch namoyishlardan alohida ravishda, boshqa guruhlar Parij, Bordo, Nitssa va Marsel kabi shaharlarda ko‘chalarni to‘sib, binolarga o‘t qo‘ygan va politsiya bilan to‘qnashgan. Niqob taqqan talonchilar esa tartibsizliklardan foydalanib, do‘konlarning oynalarini sindirgan va mahsulotlarni olib ketgan.

Kecha, 18 oktyabr kuni ham Parij markazidagi Respublika maydonida namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan. Ayrim ko‘chalarda elektr velosipedlar va chiqindi qutilari yoqib yuborilgan. Namoyishchilar politsiyaga tosh va shisha idishlar otgan, huquq-tartibot xodimlari esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalangan.

Parijda 855 kishi hibsga olingan. Shahar ko‘chalarida yoqib yuborilgan mashinalar, sindirilgan do‘kon oynalari va barrikadalar qoldiqlari qolgan.

Markaziy Fransiyaning Limoj shahrida XIX asrda qurilgan shahar hokimiyati binosi yonib ketgan. Shahar meri Giyom Geren hujumchilar bino qaravchisiga o‘lim bilan tahdid qilgani va saylangan amaldorlarga binoni yoqib yuborishlarini aytganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mahalliy politsiya tartibsizliklarni to‘xtatishda qiynalgan, chunki xodimlarning o‘q-dorilari tugab qolgan.

“Bu davlatning ulkan muvaffaqiyatsizligi”, degan Geren.

Marsel shahrida esa niqob taqqan guruhlar shahar hokimiyati va politsiya bo‘limiga bostirib kirgan. Shahar meri Benua Payan hujumchilar aniq talablarni ilgari surmaganini, aksincha, tinch namoyishchilarning talablarini obro‘sizlantirish maqsadida davlat binolarini vayron qilganini aytgan.

Lion shahrida tarixiy sayyohlik axborot markaziga o‘t qo‘yilgan.

Savdogarlar uyushmalari ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida 1,5 mingdan ortiq do‘kon va korxona talon-toroj qilingan. Yetkazilgan zarar o‘nlab million yevroga baholanmoqda.

Fransiya Ichki ishlar vazirligi 17 oktyabr kungi voqealar vaqtida politsiya va jandarmeriyaning qariyb ming nafar xodimi jarohatlanganini, ulardan 7 nafari og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan. Sen-Eten shahrida 17 yoshli bolaning qo‘li olomonni tarqatish uchun ishlatilgan granata portlashi oqibatida uzilib ketgan. Myuluz shahrida esa 17 yoshli qiz bir ko‘zidan ayrilgan. Ushbu holat yuzasidan tergov boshlangan.

Prezident Emmanuel Makron va o‘ta o‘ngchi siyosatchi Marin Le Pen zo‘ravonliklarda o‘ta so‘l guruhlarni ayblagan. Bosh vazir Sebastyan Lekornyu esa hukumat zo‘ravonlikdan qo‘rqib, ortga chekinmasligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada ommaviy namoyishlar paytida Dior, Louis Vuitton, Hermès va boshqa mashhur brendlar do‘konlariga hujum qilinib, tovarlar o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing