Samarqandda erining zo‘ravonliklariga chidolmagan ayol joniga qasd qildi
3-sahifa
−
15 noyabr
11191Samarqand viloyatida erining haqoratlari va qiynoqlariga dosh berolmagan ayol o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasi xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1988 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi O.X. 77-maktab direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab, besh nafar farzandini boqmagan, doimiy ravishda ichkilikbozlik qilib, xotinini haqorat qilgan va uni farzandlari oldida qiynoqqa solgan.
2024 yil 11 iyul kuni erkak uyga mast holda kelib, avval xotinini haqorat qilib, keyin uni kaltaklagan. Ayol erining bunday shafqatsiz munosabati, ruhiy bosimlari, shuningdek, xiyonatlarga dosh berolmasdan kaltaklanganidan bir muddat o‘tgach o‘z joniga qasd qilgan.
Ayolning jasadini uning qizlari topib olgan. Ular uyqudagi otasini uyg‘otib, onasining vafot etganini aytgan. Shundan so‘ng er ko‘chaga chiqib, og‘ilxonaga kirgan va marhumani arqondan yechib olib, sun’iy nafas berishga urinib ko‘rgan. Bu yordam bermaganidan keyin qo‘shnidan yordam so‘rab, uni shifoxonaga olib borish uchun mashina chaqirgan.
Shifoxonada shifokorlar ayolning vafot etganini tasdiqlagan va bu haqda IIBga xabar bergan.
Marhumaning otasining so‘zlariga ko‘ra, uning qizi O.X. bilan 2013 yilda turmush qurgan. Shu vaqt mobaynida ularning besh nafar farzandi dunyoga kelgan, oilada hammasi yaxshi bo‘lgan. Ammo oxirgi uch yil ichida aybdor uning qiziga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. U doimiy ravishda uni kaltaklagan, qiynoqqa solgan va uni hamda farzandlarini moddiy jihatdan ta’minlashdan to‘xtagan. Marhuma bir necha bor ajrashishni xohlagan, hatto bir muddat farzandlari bilan ota uyida yashagan. Ammo qo‘shnilar va mahalla uni ajrashmaslikka ko‘ndirib, eri uni endi qiynamasligini va’da qilgan. Keyin ayol erining uyiga qaytgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhuma tanasida ko‘plab og‘ir jarohatlar aniqlangan, jumladan, bo‘yin qismi, ikki qovurg‘a singan, bosh, ko‘z, yelka, qo‘l va bel qismida jarohatlar bo‘lgan. Bu jarohatlar ayolning o‘limigacha yetkazilgani ta’kidlangan.
Sud jarayonida aybdor o‘z aybini to‘liq tan olgan. 2024 yil 29 oktyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi O.X.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi (Moddiy yoki boshqa qaramlikda bo‘lgan shaxsni o‘z joniga qasd qilishga olib borish) 2-qismi “a” bandi va 126-1-moddaning 5-qismi “v” bandi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik oqibatida qasddan og‘ir jarohat yetkazish) bilan aybdor deb topdi va uni 8 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
LiveBarchasi