“Maskalilar”ning xurmacha qilig‘i, “Barsa”ga o‘tishi aytilayotgan Ronaldu, qulagan Xitoy devori... Bugun nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
10 yanvar 2022
9724Jamiyat
Navoiyda “maskalilar” fuqarolarni kaltakladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatida maska taqqan shaxslar mahalliy aholini urgani haqida video tarqaldi. Navoiy viloyat IIB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 7 yanvar kuni Qiziltepa tuman IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabar asosida tuman IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Natijada 7 yanvar kuni soat 08:00 larda Qiziltepa tumani To‘dako‘l suv havzasida faoliyat olib boruvchi “Golden like fish” MCHJga tegishli baliqchilik bazasida ushbu korxonada o‘zaro shartnomada ko‘rsatilgan tartibda, ya’ni qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llarida rezina tayoqlar bilan xizmat olib borayotgan nazoratchi inspektorlar hamda To‘dako‘l suv havzasida baliq ovlash bilan shug‘ullanib keluvchi ovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgani aniqlangan. Ushbu kelishmovchilik nazoratchi inspektorlar ovchilarni ichkariga kirishlari uchun pasport nusxasi talab qilgani va qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llarida rezina tayoqlar bilan xizmat olib borgani sabab yuz bergan. Ushbu holatdan “Golden like fish” MCHJga kelgan baliqchilar norozi bo‘lib, ushbu yollanma ishchilarning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilib, jamoat tartibini buzgan.
10 kun avvalgi videoga Namangan IIB munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida tunda mingga yaqin fuqarolar yo‘lni to‘sib harakatlangani aks etgan videolavha tarqaldi. Ahamiyatlisi 10 kun avvalgi video xuddi endi bo‘lgan holatdek tarqatildi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ushbu holat yuzasidan izoh berdi.
Qayd etilishicha, ushbu hodisa o‘tgan yilning 31 dekabr kuni bayram tadbirlari munosabati bilan Namangan shahrining “Afsonalar vodiysi” istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, viloyatning barcha tumanlaridan kelgan 1000 ga yaqin fuqarolar istirohat bog‘iga o‘rnatilgan archa atrofida to‘planishgan.
O‘zbekistonda karantin qoidalari kuchaytirilmoqda
O‘zbekistonda jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi Matbuot kotibi Navruz Ashurmatov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15 yanvaridan boshlab, xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar kelishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichli ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
OTMlar ta’tildan keyin onlayn ta’limga o‘tadimi?
Oliy ta’lim muassasalarida uzaytirilgan qishki ta’tildan so‘ng o‘qish onlayn ta’limga o‘tkazilmaydi. Joriy yilning 11 yanvaridan boshlanishi kerak bo‘lgan sessiyalar ham ta’tildan keyin, an’anaviy ravishda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lum qildi.
“Onlayn tizimga o‘tish bo‘yicha maxsus komissiya bor. Komissiyaning qarori qanday bo‘lsa, barcha ta’lim tashkilotlari shu qaror bo‘yicha ish yuritadi. Bugungi kunda onlayn tizimga o‘tish nazarda tutilmagan”, deydi mas’ul.
Qonunchilik jarima deydi, mas’ul tushuntirish. “Maska”sizlar jarimaga tortiladimi?
O‘zbekistonda niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilmaydi. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni mamlakatga “omicron” kirib kelishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, agar ko‘cha-kuyda kimdir niqobsiz yurgan bo‘lsa, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari unga faqat tushuntirish beradi.
“Milliy gvardiya xodimlariga kecha topshiriq berildi, ular ko‘chada niqobsiz yurgan fuqarolarga birinchidan tushuntirish, faqatgina tushuntirish berish kerak”, dedi mas’ul.
Olam
KXSHT navbatdan tashqari sammiti
Bugun, 10 yanvar kuni Qozog‘iston talabiga ko‘ra, KXSHTning navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonda yuz bergan tartibsizliklardan birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston xulosa chiqarishi kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Qozog‘istondagi ekstremistlar nigohi hozirda O‘zbekistonga qaratilganini ham qo‘shimcha qildi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatdagi tartibsizliklar davlat to‘ntarishiga urinish ekanligini aytib o‘tdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining tinchlikparvar kontingenti Qozog‘istonda bo‘lish muddati chklangan. Kontingent vazifalarini bajargandan so‘ng, mamlakatdan olib chiqib ketilishini ma’lum qildi.
Nazarboyevning qizi Britaniya fuqaroligini olish uchun qasr xarid qilgan
Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva Buyuk Britaniya fuqaroligini olish maqsadida mamlakatdan 300 million dollar olib chiqib ketgan va Londondan uy sotib olgan. Bu haqda “The Sunday Telegraph” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva 2006 yilda Britaniya fuqaroligini olish niyatida London shimolidan saroy sotib olgan. “The Sunday Telegraph” nashrining aniqlik kiritishicha, ushbu xarid 41 yoshli Aliya Nazarboyevaning respublikadan 300 million dollar olib chiqib ketganidan keyingi eng muhim xaridlaridan biriga aylangan. Ushbu katta hajmdagi harajat Aliya Nazarboyevaning qarindoshi va uning moliyaviy maslahatchilari o‘rtasida mojaro kelib chiqqanidan keyin ma’lum bo‘lgan.
Japarov ta’tilga chiqdi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qisqa muddatli ta’tilga chiqdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib xabar berilgan.
“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 10 yanvardan boshlab qisqa muddatli ta’tilga chiqdi”, degan matbuot xizmati vakili.
Buyuk Xitoy devorining bir qismi quladi. Jabrlanganlar bor
Joriy yilning 8 yanvar kuni Xitoyda yuz bergan 6,9 magnitudali zilzila oqibatida mamlakat shimoli-g‘arbidagi Buyuk Xitoy devorining ikki metrli qismi qulab tushdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, 8 yanvar kuni Sinxay provinsiyasining Menyuanxuy avtonom okrugida kuchli zilzila sodir bo‘lgan. Oqibatda qo‘shni Gansu provinsiyasidagi Shandan okrugida Buyuk Xitoy devorining ikki metrli qismi qulab tushgan. Qulash zilzila epitsentridan 114 km uzoqlikda sodir bo‘lgan.
“Tolibon” ashaddiy raqiblari bilan muzokara o‘tkazdi
Afg‘oniston Milliy qarshilik fronti yetakchilari Ahmad Mas’ud va Hirot viloyatining sobiq gubernatori Muhammad Ismoilxon Eron poytaxti Tehronda “Tolibon”ning Amirxon Muttaqi boshliq delegatsiyasi bilan uchrashdi.
“Uchrashuvda Islom Amirligi vakillari Milliy qarshilik fronti vakillari bexavotir uyga qaytishi mumkinligini ta’kidladi”, degan toliblar vakili Bilol Karimi Twitter sahifasida.
Sport
Mourino mag‘lubiyatda Shomurodovni aybladi
“Roma” klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Italiya A seriyasining 21-turidan o‘rin olgan “Yuventus”ga (3:4) qarshi o‘yin natijasi uchun Eldor Shomurodovni aybladi.
“70 daqiqa davomida o‘yinni to‘liq nazorat qildik. Jamoa juda zo‘r o‘ynadi. Biroq 70-daqiqadan so‘ng, ruhiy jihatdan pasayish ro‘y berdi. Afena-Gyan ajoyib o‘yin o‘tkazayotgan edi, uning o‘rniga maydonga tushgan futbolchi (Eldor Shomurodov) esa hammasini noto‘g‘ri bajardi. Biz raqibning hisobni qisqartirishiga imkon bermasligimiz kerak edi. Turin klubi kuchli xarakterga ega jamoa ekanligini yana bir bor isbotlay oldi”.
Kutilmagan xabar! Ronaldu “Barselona”ga o‘tishi mumkin
“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda “Sport.es” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, portugaliyalik forvard jamoadagi vaziyatdan va “Qizil iblislar” rahbariyatidan norozi. Ronaldu o‘zining agenti Jorje Mendeshga agar vaziyat o‘zgarmasa, yangi jamoa izlash kerakligini aytgan.
Futzal: O‘zbekiston yilning eng yaxshi jamoasi bo‘lishga da’vogarlik qilmoqda
“Futsalplanet” nashri tomonidan o‘tkaziladigan “Futsalplanet Awards” marosimi oldidan turli nominatsiyalarda 2021 yilning eng yaxshilarini aniqlash uchun nomzodlar e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston futzal terma jamoasi va bosh murabbiy Bahodir Ahmedov ham o‘rin olgan.
Xususan, dunyoning eng yaxshi futzal jamoasi nomi uchun kuchli o‘nlikda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham qayd etilgan. Bundan tashqari, ushbu ro‘yxatdan Argentina, Bosniya-Gersogovina, Eron, Yaponiya, Qozog‘iston, Marokash, Portugaliya, Slovakiya va Venesuela terma jamoalari joy olgan.
LiveBarchasi