Masimov terrorizm homiylari ro‘yxatiga kiritildi
Olam
−
17 iyul 2023
13601Qozog‘iston hukumati respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ)ning sobiq raisi Karim Masimovni terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda “Inform buro” axborot portali xabar berdi.
Aytilishicha, ro‘yxatda Masimovning sobiq o‘rinbosarlari – Anuar Sadiqulov va Daulet Yergojin ham bor. Moliyaviy monitoring agentligi tomonidan yuritiladigan mazkur ro‘yxatga ular 1 iyul kuni kiritilgan.
“Jismoniy shaxsni terrorizm va ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatiga kiritish uchun Qozog‘iston Respublikasi sudining jismoniy shaxsni ekstremistik yoki terroristik jinoyatlarni amalga oshirishda aybdor deb topish to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan hukmi asos bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 24 aprel kuni Ostona shahar jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi Masimovni 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. U davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. MXQ raisining sobiq o‘rinbosari Anuar Sadiqulov ham Masimov kabi o‘sha moddalar bo‘yicha 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Yana bir sobiq o‘rinbosar Daulet Yergojin esa hokimiyatni majburan tortib olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblari qo‘yilgan. Shu sababli u 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Bundan tashqari, MXQ rahbarining sobiq o‘rinbosari Marat Osipov mansab vakolatini suiiste’mol qilishgan deb topilib, uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, u qayta davlat xizmatini egallay olmaydi.
Masimov, Sadiqulov, Yergojin va Osipovlar unvonlari va davlat mukofotlaridan mahrum qilingan. Sud ushbu ishlar bo‘yicha davlat hisobiga 10 milliard tenge (22 million dollardan ortiq) va 24 million dollardan ortiq mablag‘ undirgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning 2022 yil 5 yanvardagi farmoni bilan Masimov mamlakatdagi notinchliklar tufayli MXQ raisi lavozimidan ozod etilgan edi. O‘sha yilning 8 yanvarida MXQ Masimov davlatga xiyonatda gumonlanib hibsga olinganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi