Maldiv orollari ham SHHTga a’zolik haqida o‘ylayapti
Olam
−
17 iyul 2023
4587Maldiv orollari Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) to‘laqonli a’zolik masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Bu haqda bugun, 17 iyul kuni Maldiv Tashqi ishlar vaziri Abdulla Shahid ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rasmiylari hozircha SHHTga to‘liq ishtirok etish uchun so‘rov yubormagan.
“Ayni paytda biz muloqot bo‘yicha hamkor sifatida qabul qilindik, bu shu yil sodir bo‘ldi. Muloqot bo‘yicha hamkor sifatida biz o‘zaro sheriklikni boshlayapmiz, voqealar rivoji bilan bu borada qaror qabul qilamiz. Biz tajriba orttirmoqchimiz va shu asosda bir qarorga kelamiz. Balki yaqin besh yil ichida yangi kelishuvlarning bir qismini tuzishga harakat qilamiz”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Tashkilot to‘qqiz davlatdan iborat: Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 may kuni Hindistonning Panaji shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisi doirasida Quvayt, Maldiv orollari, Myanma Ittifoqi Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklariga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish bo‘yicha memorandumni imzolangandi. 4 iyul kuni Hindiston raisligida onlayn formatda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida esa Eron rasman tashkilot a’zosiga aylandi va Shanxaydagi SHHT kotibiyatida Eron bayrog‘i ko‘tarildi. Shuningdek, sammit doirasida Belarusning tashkilotga a’zo bo‘lish majburiyati to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
LiveBarchasi