Xitoy SHHT davlatlarini razvedka ma’lumotlari bilan ko‘proq almashishga chaqirdi

Olam

image

Xitoyning Rossiyadagi elchisi Chjan Xanxuey Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarini razvedka ma’lumotlari almashinuvini kuchaytirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga chaqirdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Diplomatning aytishicha, SHHT davlatlari xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shuvchi ijobiy kuch bo‘lishi kerak. Uning fikricha, tashkilot doirasida xavfsizlik sohasida hamkorlikning mavjud mexanizmlarini tezroq ishga tushirish muhim.

Chjan Xanxuey SHHT doirasida xavfsizlikka oid 4 ta markaz – Xavfsizlikka tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz, Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish markazi, Axborot xavfsizligi markazi va Narkotiklarga qarshi kurashish markazini tezroq ishga tushirish zarurligini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar muntazam ravishda qo‘shma mashg‘ulot va treninglar o‘tkazishi, razvedka ma’lumotlarini almashishi, huquqni muhofaza qilish hamda xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlashi lozim.

“SHHT davlatlari umumiy, kompleks, birgalikdagi va barqaror xavfsizlik konsepsiyasiga amal qilishi zarur”, degan Xitoy elchisi.

Shuningdek, u kiberxavflar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligiga tahdidlar hamda ekologik muammolar kabi an’anaviy bo‘lmagan xavflarga birgalikda qarshi turish muhimligini ham qayd etgan. Diplomatning fikricha, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali SHHT davlatlari mintaqadagi turli tahdidlarga qarshi yanada ishonchli tizim yaratishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 sentyabr Bishkekda bo‘lib o‘tayotgan SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkiloti nafaqat Yevrosiyo, balki butun dunyodagi eng yirik mintaqaviy birlashma ekanini aytgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing