Xitoycha tajovuz, o‘rtaga olingan Erdo‘g‘an va tarjimonsiz suhbat – Sammit pardasi ortida nimalar bo‘ldi?

Tahlil

Reklama
0:00

SHHT sammitining parda ortida nimalar bo‘ldi?

Xitoy xavfsizlik xizmatining tajovuzkor harakatlaridan tortib, kofe stoli atrofidagi “divan diplomatiyasi”gacha, Xitoy – Hindiston va Rossiya uchligining “birlashuv halqasi”dan tortib, birinchi xonimlar bog‘layotgan madaniy ko‘priklargacha – Bishkekda o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining 26-sammiti rasmiy protokollar qolipidangina iborat bo‘lmadi. Bugun Qirg‘iziston poytaxti shunchaki navbatdagi mintaqaviy uchrashuv mezboni emas, balki Yevroosiyo qit’asining kelgusi geostrategik xaritasini belgilab beruvchi diplomatik markaz vazifasini bajaryapti.

Aslida 2001 yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, chegaralarni mustahkamlash hamda terrorizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashish maqsadida tashkil etilgan SHHT yillar o‘tib o‘zining geografik va siyosiy miqyosini tubdan kengaytirdi. Keyinchalik tashkilotga Hindiston, Pokiston, Eron hamda Belarusning to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi ushbu tuzilmani global iqtisodiyot va demografiyaning eng yirik o‘choqlaridan biriga aylantirdi.

Biroq bugungi Bishkek sammitining eng muhim va diqqatga sazovor jihati – uning kun tartibi va ishtirokchilar tarkibi faqatgina rasmiy 9 ta a’zo davlat doirasi bilan cheklanib qolmayotganidadir. Sammitda Turkiyadan tortib AQSH vakillarigacha, BMT rahbariyatidan tortib Osiyoning qator kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlari yetakchilarining mehmon sifatida ishtirok etayotgani SHHTning shunchaki mintaqaviy blok emas, balki G‘arb gegemonligiga muqobil bo‘lgan ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantiruvchi asosiy muloqot maydoniga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.

Dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar va sanksiyalar bosimi kuchaygan bir paytda, rasmiy a’zo bo‘lmagan qudratli davlatlarning ushbu maydonga intilishi Yevroosiyoda savdo, logistika va xavfsizlik masalalarini aynan SHHT platformasida hal qilish zaruratga aylanganini isbotlamoqda. Xo‘sh, ushbu ulkan platformaning rasmiy minbarlaridan yiroqda, kadrlar ortida va parda ortidagi muzokaralarda nimalar yuz berdi?

Qoch, Si Szinpin kelyapti!

1 sentyabr kuni Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi 26-sammiti o‘z ishini boshladi. Rasmiy zalda muzokaralar stoliga o‘tilmasdanoq, 31 avgustda bo‘lib o‘tgan sammit arafasidagi norasmiy uchrashuvlar, kadr ortida ro‘y bergan kutilmagan vaziyatlar va ikki tomonlama muloqotlar allaqachon global OAV hamda ekspertlarning diqqat markaziga tushib ulgurdi.

Shunday shov-shuvli voqealardan biri – Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning maxsus xavfsizlik xizmati xodimlari voqealarni tasvirga olayotgan operatorni “uchirib yuborgani” bo‘ldi.

Ushbu voqea sammit doirasidagi rasmiy kutib olish va davlat rahbarlarining zalga kirish jarayonida, matbuot xodimlari va operatorlar uchun ajratilgan suratga olish hududida yuz berdi. Pekindan kelgan maxsus qo‘riqlash xizmati xodimlari Xitoy yetakchisi harakatlanayotgan koridor va kadr doirasini “tozalash” maqsadida mahalliy hamda xalqaro operatorlar, tasvirchilar, hatto joylardagi protokol vakillarini ham keskin ravishda qo‘llari bilan surib yubordi va tahririyat vakillarining erkin tasvirga olishiga xalaqit berdi.
 
Bu kabi protokoldan tashqari qo‘pol harakat xalqaro media, jurnalistik hamjamiyat va siyosiy tahlilchilar e’tiborini darhol tortdi. Xalqaro ommaviy axborot vositalari va soha ekspertlari ushbu hodisani shunchaki xavfsizlik xodimlarining tasodifiy xatosi emas, balki Pekinning global maydondagi o‘ta tajovuzkor va mutlaq nazoratga asoslangan diplomatik uslubining ko‘rinishi sifatida baholadi.

G‘arb va mintaqaviy media vakillari bu holatga munosabat bildirar ekan, Xitoy xavfsizlik xizmatining bunday harakatlarini “Pekin protokoli” va “Informatsion monolog” tushunchalari bilan izohladi. “Reuters”, BBC hamda xalqaro tahliliy nashrlarning e’tibor qaratishicha, Xitoy yetakchisi qaysi mamlakatda yoki sammitda bo‘lishidan qat’i nazar, Pekin xavfsizlik va media nazoratini to‘liq o‘z qo‘liga olishga intiladi. Xitoy protokolining asosiy maqsadi – Si Szinpin atrofida mutlaq “sterillangan” va xavfsiz hudud yaratish hamda kadrga hech qanday noqulay rakurs, rejasiz harakat yoki tasodifiy odamlar tushib qolmasligini ta’minlashdan iborat.

Jurnalistlar va inson huquqlari hamda matbuot erkinligi bo‘yicha xalqaro kuzatuvchilar esa operatorlarga nisbatan qilingan bunday qo‘pol munosabatni OAV erkinligiga va xalqaro diplomatiya etikasiga hurmatsizlik deb baholadi.

Eron Prezidenti ozarbayjoncha gapirdi

Kadr ortida ro‘y bergan va katta siyosiy salmoqqa ega epizodlardan yana biri – Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasida kechgan “suv bo‘yicha” qisqa, ammo mazmundor muloqot bo‘ldi.

Sirtdan oddiy ko‘ringan ushbu replika ortida aslida chuqur geosiyosiy va ikki mamlakat o‘rtasidagi murakkab siyosiy, tarixiy-iqtisodiy munosabatlar yotadi.

So‘nggi yillarda Baku va Tehron munosabatlari keskin sinovlarni boshidan kechirdi. Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qilingan qurolli hujum, Eronning Ozarbayjon shia guruhlariga ta’siri bo‘yicha xavotirlari hamda Tehron tomoni Ozarbayjon va Isroilni hamkorlikda ayblashi ikki o‘rtada jiddiy ishonchsizlik devorini ko‘targan edi.

Aliyevning eng oliy darajadagi uchrashuvda suv taklif qilishini diplomatik repertuardagi “yumshoq kuch” deyish mumkin. Pezeshkiyonning hokimiyatga kelishi ortidan Eron tashqi siyosatida mo‘’tadillashuv va qo‘shnilar bilan aloqalarni qayta tiklash tendensiyasi ko‘zga tashlanmoqda. Aliyev ushbu dialog orqali Baku Tehron bilan munosabatlarni ziddiyat emas, pragmatik muloqot orqali yurgizishga tayyorligini namoyish etgandek.

Aslida birinchi o‘rinda Pezeshkiyonning sof ozarbayjoncha gapirishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Mas’ud Pezeshkiyon shunchaki ozarbayjon tilini o‘rgangan siyosatchi emas – u etnik ozarbayjon hisoblanadi. Eronning G‘arbiy Ozarbayjon viloyatidagi Mahobod shahrida tug‘ilgan, otasi etnik ozarbayjon. Shu sababli Eron Prezidenti Pezeshkiyon muloqot davomida ozarbayjon tilida xatosiz va ravon gapirdi. Ikki yetakchi o‘rtasidagi bu kabi “tarjimonsiz diplomatiya” mamlakatlar o‘rtasidagi necha yillik devorlarni bir necha soniya ichida yo‘qqa chiqargandek. Ammo yuz foiz shunday deb bo‘lmaydi.

Pezeshkiyonning ozarbayjoncha gapirishi ortida ulkan demografik va strategik faktor yotipti. Bugungi kunda Ozarbayjon Respublikasida taxminan 10 million aholi yashasa, Eron Islom Respublikasida istiqomat qiluvchi etnik ozarbayjonlar soni turli manbalarga ko‘ra 25 milliondan 30-40 milliongacha yetadi. Ya’ni, dunyo geosiyosatidagi noyob voqelik – ozarbayjon millatiga mansub aholining asosiy va katta qismi Ozarbayjon Respublikasida emas, balki Eron hududida istiqomat qiladi. Tehron uchun ushbu ulkan demografik qatlam har doim nozik va ichki xavfsizlikka daxldor masala bo‘lib kelgan. Pezeshkiyonning ozarbayjon tilida ushbu muloqotga kirishuvi bir vaqtning o‘zida ikki tomonga signal beradi.

Suv mavzusi Ozarbayjon va Eron kun tartibidagi hayotiy muhim strategik resursdir. Ikkala mamlakat o‘rtasidagi chegara chizig‘idan o‘tuvchi Araz daryosi suv resurslaridan foydalanish, daryo bo‘yidagi to‘g‘onlar va gidroelektr stansiyalari uzoq vaqtdan beri nozik texnik-siyosiy muzokaralar ob’ekti bo‘lib keladi, hatto siyosiy nizolarga ham sabab bo‘lgan.

Ozarbayjon daryoning yuqori qismidagi sanoat chiqindilari va suv oqimining kamayishi bo‘yicha Tehronga doimiy ravishda xavotir bildirib keladi. Ushbu suhbat ortidagi eng katta geosiyosiy fon – Zangezur yo‘lagi masalasidir. Eron bu yo‘lni Yevroosiyo logistikasida o‘z o‘rnini yo‘qotishga sabab bo‘ladigan “qizil chiziq” deb e’lon qilgan.

Bu shunchaki bir necha o‘n kilometrlik transport yo‘lagi emas, balki butun Yevroosiyo qit’asining savdo va geostrategik xaritasini qayta chizishi kutilayotgan koridordir. Armanistonning Syunik viloyati orqali Ozarbayjonni o‘zining Naxchivon Muxtor Respublikasi va u orqali Turkiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lashni ko‘zda tutuvchi ushbu loyiha Baku uchun yillar davom etayotgan anklav qamalini yorib o‘tish, hududiy yaxlitlikni mustahkamlash va Turkiyadan tortib Markaziy Osiyogacha bo‘lgan uzluksiz “Turkiy koridor”ning asosiy yo‘nalishiga aylanish imkonidir.

Ayni paytda Eron ushbu yo‘lning ochilishiga uzoq vaqt davomida keskin qarshi chiqib kelgan. Tehronning bu darajadagi xavotiri zaminida Armaniston orqali Shimolga chiquvchi yagona muqobil quruqlik yo‘lini yo‘qotish, Turkiya hamda Ozarbayjon halqasi qurshovida qolib ketish va eng muhimi – iqtisodiy hamda siyosiy bosim qurolini boy berish xavfi yotadi. Qolaversa, Eron bu yo‘lak orqali NATO a’zosi bo‘lmish Turkiya hamda o‘zining asosiy raqiblaridan biri Isroil ta’sirining shimoliy chegaralariga yaqinlashishidan xavotirlanadi.

Ushbu geostrategik tugun O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun ham bevosita daxldordir. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘li bo‘lmagan Toshkent uchun Shimoliy yo‘nalishdagi cheklovlar va sanksiyalar fonida “O‘rta koridor” eng yaxshi yechim bo‘ladi. Zangezur loyihasi to‘liq ishga tushsa, Ozarbayjon orqali Yevropa va Yaqin Sharqqa chiquvchi yuklar tranzit vaqti hamda tannarxi sezilarli darajada arzonlashadi, bu esa o‘z-o‘zidan O‘zbekiston eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshiradi.

Ayni shu sababdan, Bishkekdagi qisqa muloqotda Eronning bu boradagi qat’iy pozitsiyasi asta-sekin pragmatik kompromisslarga o‘rin bo‘shatayotgani sezildi. Bugun Baku va Tehron Armanistonni chetlab o‘tib, Eron hududidan o‘tuvchi muqobil Aras yo‘lagini qurish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilmoqda. Siyosiy tahlilchilar va xalqaro media ushbu epizodni ikki xil ehtimol bilan baholamoqda: bir tarafdan, Eron Pezeshkiyon shaxsi hamda uning ozarbayjon tilidagi ravonligidan foydalanib Baku bilan uzoq yillik keskinlikka nuqta qo‘yish va Turk dunyosiga etnik-madaniy ko‘prik orqali kirishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi tarafdan esa, bu shunchaki kameralar uchun mo‘ljallangan taktik diplomatiya bo‘lib, tomonlar asosiy strategik qarama-qarshiliklarda o‘z pozitsiyasida qoladi, ammo buni ochiq konflikt darajasiga olib chiqmaslikka kelishib oladi. Qanday bo‘lmasin, Bishkek sammiti protokolidan tashqarida yuz bergan ushbu “tarjimonsiz suv muloqoti” – til, demografiya va geografiyaning bir joyda kesishishi zamonaviy geosiyosatda qanchalik ulkan rol o‘ynashini ko‘rsatib berdi.

Putin va Lukashenko Erdo‘g‘anni o‘rtaga oldi

Yana bir diqqat markaziga tushgan kadrlardan biri – Aleksandr Lukashenko va Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo‘g‘anni o‘rtaga olib suhbatlashib o‘tirgani aks etgan suratlar bo‘ldi. Kofe stoli atrofida, divanda yonma-yon o‘tirib olib borilgan “non-stop” formatidagi qizg‘in va kutilmagan suhbat bir qarashda oddiy norasmiy kadr orti uchrashuvi bo‘lib ko‘rinadi. Klassik rasmiy protokoldan holi bo‘lgan ushbu muloqot markazida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘tirgani, uning o‘ng tomonida Aleksandr Lukashenko, chap tarafida esa Vladimir Putin joylashgani va Putinning qo‘lidagi hujjatlarni ko‘rsatib Erdo‘g‘anga faol ravishda nimadir tushuntirayotgani uchlik o‘rtasidagi o‘zgacha psixologik holatni ko‘rsatadi. Turkiya SHHTning rasmiy a’zosi bo‘lmasa-da, uning yetakchisi sammit maydonidagi eng asosiy va talabgir figuraga aylangan, chunki Anqara Moskva va Minsk uchun G‘arb bilan bog‘lovchi yagona nufuzli ko‘prik hisoblanadi. Siyosiy tahlilchilar va dunyo mediasi ushbu qizg‘in muloqot ortida bir necha katta strategik mavzular turganini taxmin qilmoqda.

Avvalo, Turkiya urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina o‘rtasida yagona vositachi bo‘lib kelayotgani sababli, Putinning qo‘lidagi qog‘ozlar aynan tinchlik rejalari, gumanitar almashinuvlar yoki muzokaralarning yangi shartlariga daxldor bo‘lishi ehtimoli yuqori. Qolaversa, Qora dengizdagi navigatsiya xavfsizligi, energetika koridorlari hamda Rossiya va Belarusga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Turkiya orqali o‘tuvchi logistika va savdo zanjirlari masalasi uchala davlat uchun ham muhimdir. E’tibor bergan bo‘lsangiz Erdo‘g‘an anchayin erkin, yoyilib o‘tiribdi ikki hamkasbidan ko‘ra. Buni ham psixologik jihatdan liderlik roliga bog‘liq deyish mumkin. Dunyo mediasi ushbu kadrni turlicha talqin qilmoqda. G‘arb nashrlari buni sanksiyalar ostidagi yetakchilarning NATO a’zosi bo‘lmish Erdo‘g‘an atrofida jipslashishi va Yevropada e’tiroz to‘lqinini keltirib chiqaruvchi holat deb baholayotgan bo‘lsa, mintaqaviy tahlilchilar buni rasmiy minbarlar va tayyorlangan nutqlardan ko‘ra ko‘proq amaliy natija beruvchi “ko‘p qutbli dunyoning yangi divan diplomatiyasi” sifatida ko‘rmoqda.

G‘arbga berilgan signal

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Bishkekdagi SHHT sammiti maydonida birga ko‘rinish berishi va muloqot qilayotgani aks etgan kadrlar oddiy rasmiy protokol doirasidan allaqachon chiqib ketish sifatida baholandi. Xalqaro siyosiy doiralar hamda yetakchi media tahlilchilari ushbu vizual muloqotni ko‘p qutbli dunyo tartibining namoyishi va G‘arb geosiyosiy gegemonligiga berilgan ochiq hamda jiddiy signal sifatida baholamoqda.

Narendra Modi qarshisida Si Szinpin va Putinni bir vaqtda ko‘rgach, o‘ng qo‘lini Xitoy raisiga va chap qo‘lini Rossiya Prezidentiga uzatgan. Yevroosiyoning tirik yirik qudratli vakillarining bir joyda jipslashib ko‘rinishi ortida o‘ta murakkab va ko‘p qatlamli manfaatlar tuguni yotadi.

Avvalo, ushbu tasvir Vashington va uning ittifoqchilariga aniq bir xabarni yo‘llamoqda: G‘arbning Rossiyani xalqaro izolyatsiyaga olish va jazolashga qaratilgan harakatlari kutilgan natijani bermadi. Dunyo aholisining qariyb yarmini, ulkan iqtisodiyot va yadroviy salohiyatni o‘zida mujassam etgan Pekin va Nyu-Dehli Moskva bilan muloqotni uzgani yo‘q, aksincha, SHHT va BRIKS kabi platformalar doirasida umumiy strategik kun tartibini belgilashda davom etmoqda.

Ushbu kadrning eng qiziq va nozik jihati – Hindiston hamda Xitoy o‘rtasidagi murakkab va ziddiyatli munosabatlar fonida yuz berganidir. Chegara bo‘yidagi harbiy to‘qnashuvlar va iqtisodiy raqobatga qaramay, Modining Si Szinpin va Putin bilan bir qatorda paydo bo‘lishi Nyu-Dehlining “strategik muvozanat” siyosatini ko‘rsatadi. Hindiston Vashington bilan xavfsizlik sohasida yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, o‘zining tashqi siyosatida G‘arbga bo‘ysunmasligini va Osiyo qit’asidagi o‘z mustaqil gegemonlik manfaatlari borligini amalda isbotlamoqda.

Moskva uchun esa ushbu uchlik uchrashuvi geostrategik g‘alaba hisoblanadi. Vladimir Putin Xitoy va Hindiston kabi global o‘yinchilarni bir stolda va bir kadrda ushlab turish orqali Yevroosiyodagi xavfsizlik va iqtisodiy arxitekturani aynan Rossiya ishtirokida qayta qurish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Qanday bo‘lmasin, Modi, Si Szinpin va Putinning Bishkekdagi ushbu birgalikdagi kadri zamonaviy xalqaro munosabatlarda G‘arbdan ayro holda, Osiyoning yirik qudratlari ishtirokida yangi geosiyosiy voqelik shakllanayotganidan dalolat beruvchi eng yorqin belgilardan biriga aylandi.

Birinchi xonimlar qanday vaqt o‘tkazdi?

Bishkekda o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti nafaqat davlat rahbarlarining siyosiy va iqtisodiy muzokaralari, balki “birinchi xonimlar diplomatiyasi” va madaniy muloqotlar bilan ham alohida e’tibor qozonmoqda. Sammit kun tartibidan o‘rin olgan tadbirlar doirasida 31 avgustdan e’tiboran davlat rahbarlarining rafiqalari va rasmiy vakillari Qirg‘izistonning boy tarixi, milliy an’analari hamda madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.

Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova mezbonligida o‘tgan tadbirlar doirasida xonimlar Qirg‘iziston Davlat tarix muzeyiga tashrif buyurdi. Ular qirg‘iz va xitoy madaniy hamkorligiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazmalar bilan tanishib, milliy dizaynerlar to‘plamlari hamda “Elechek – qirg‘iz ayolining bebaho merosi” nomli ko‘rgazmali namoyishni tomosha qildilar. Shuningdek, Bishkekdagi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva hamda Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an ishtirok etib, Yevroosiyo xalqlarining madaniy va etnik bog‘liqligini yana bir bor namoyish etdilar.

Bu galgi birinchi xonimlar formatining eng shov-shuvli va diqqatga sazovor diplomatik detallaridan biri – Eron Islom Respublikasi delegatsiyasidagi o‘zgarish bo‘ldi. Ushbu sammitda Eron nomidan Prezident Mas’ud Pezeshkiyonning qizi Zuhra Pezeshkiyon rasmiy vakil va “birinchi xonim” vazifasini bajaruvchi maqomida faol ko‘rinish bermoqda.

Ibrohim Raisiy prezidentligi davrida uning rafiqasi Jamila Alamolhodo xalqaro va mintaqaviy sammitlarda o‘ta kamnamo bo‘lgan, hatto rasmiy va madaniy tadbirlarda yuzini deyarli to‘liq yopgan holatda qatnashgan edi.

Mas’ud Pezeshkiyonning hokimiyatga kelishi va uning qizi Zuhra Pezeshkiyonning ochiq diplomatik maydonga chiqishi esa Eron tashqi siyosatidagi “yumshoq kuch” imijining belgisidir. Zuhra Pezeshkiyonning xalqaro hamjamiyat va boshqa birinchi xonimlar bilan bir qatorda faol ko‘rinish berishi – Eronning dunyoga, xususan SHHT va Turk – Yevroosiyo makoniga yanada ochiqroq, zamonaviyroq va muloqotbop jamiyat sifatida ko‘rinishga intilayotganidan dalolat beradi.

Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki

31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti hamda “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahriga bordi.

Bishkekning “Manas” xalqaro aeroportida davlat rahbarini Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev va boshqa yuqori martabali rasmiylar kutib oldi. Kutib olish marosimida harbiylarning faxriy qorovullari saf tortgani, milliy kiyimdagi qizlar tomonidan an’anaviy mehmondo‘stlik ramzi sifatida non va tuz taqdim etilgani hamda aeroport hududida ikki mamlakat davlat bayroqlari qatorasiga ko‘tarilgani alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan nozik va samimiy detallardan bo‘ldi.

Amaliy tashrif dasturi doirasida davlat rahbari Bishkekda qator muhim ikki tomonlama uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.

Dastlab, AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi. Uchrashuv avvalida Serjio Gor O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘llab, AQSH Prezidentining salomi va tilaklarini yetkazdi. Tomonlar strategik sheriklikni mustahkamlash, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda energetika, transport, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, “C5+1” formati hamda O‘zbekiston – Amerika ishbilarmonlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Vladimir Putin bilan o‘tgan uchrashuvda esa keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga oshgani ta’kidlanib, sanoat, energetika, metallurgiya va transport sohalaridagi yirik qo‘shma loyihalar hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.

BMT Bosh kotibi bilan muloqot chog‘ida Antoniu Guterrish O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan qutladi. Shavkat Mirziyoyev BMT bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yuqori baholab, tashkilot tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Muloqotda so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani va mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani e’tirof etildi.

Xalqaro va mintaqaviy OAVlari ham O‘zbekiston yetakchisining Bishkekka tashrifini keng yoritmoqda. Xorijiy nashrlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik va savdo yo‘laklarini rivojlantirishdagi yetakchilik rolini alohida ta’kidlab, tashrif doirasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar mintaqaviy barqarorlik va ko‘p tomonlama diplomatiyani mustahkamlashga xizmat qilishini yozmoqda.

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Shavkat Mirziyoyev nufuzli VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etdi.

1 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida mintaqaviy xavfsizlik, transport, ekologiya va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim va strategik takliflarni ilgari surdi. Bular haqida keyinroq. Hozir Sadir Japarovning ishtirok uchun Shavkat Mirziyoyevga bildirgan minnatdorligini ko‘ramiz.

Shavkat Mirziyoyev bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Eng avvalo, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash butun mintaqaning taraqqiyoti uchun fundamental ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini bildirdi.

“Barchamizga yaratuvchan mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashgan, farovon qo‘shni mamlakat kerak. Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti keldi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlar mamlakatlarning oziq-ovqat, suv va energetik xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga to‘xtalib, tashkilot doirasida 2035 yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish hamda ixtisoslashgan mexanizmlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Transport va logistika sohasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etish va milliy transport tizimlarining choksiz o‘zaro bog‘lanishini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini ta’kidladi hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash maqsadida 2028–2030 yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlash tashabbusini ilgari surdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing