Armanistonga Rossiya bazasi kerak bo‘lmasa, ertagayoq ketamiz – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Armanistonga Gyumridagi Rossiya harbiy bazasi kerak bo‘lmasa, Moskva harbiy ob’ektni ertagayoq olib chiqib ketishga tayyorligini aytdi. Bu haqda Putin kecha, 1 sentyabr kuni Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha jurnalistlar savollariga javob berayotganda so‘z ochdi.

“Agar Armanistonga Gyumridagi Rossiya bazasi kerak bo‘lmasa, biz ertagayoq ketamiz”, degan Rossiya rahbari.

Putinning ta’kidlashicha, Armaniston bilan bog‘liq hozirgi muammolar Qorabog‘ atrofidagi vaziyatdan boshlangan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevanning o‘zi ushbu hududni Ozarbayjon tarkibida deb tan olgan.

Rossiya Prezidenti, shuningdek, Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlashi Yerevanning Moskvaga nisbatan siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirayotganidan dalolat berishini aytgan.

“Yevropa Ittifoqi va YeOIIda bir vaqtning o‘zida bo‘lish mumkin emas. Agar siz Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risida qonun qabul qilgan bo‘lsangiz, demak, niyatingizni bizga bildirdingiz”, degan Putin.

Shu bilan birga, Moskva Armaniston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirgan. Putin Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlik masalasi ham Armaniston xalqining xohishiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Gyumrida joylashgan 102-harbiy bazasi 1995 yildan buyon Armaniston hududida faoliyat yuritadi. Dastlab tomonlar baza bo‘yicha 25 yillik kelishuv tuzgan, 2010 yilda esa uning amal qilish muddati 2044 yilgacha uzaytirilgan.

Gyumridagi baza Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining birlashgan havo mudofaasi tizimi bilan ham bog‘liq.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan joriy yilning iyun oyida Rossiya harbiy bazasini mamlakatdan chiqarish rejasi yo‘qligini aytgan edi. Biroq u so‘nggi yillarda Armaniston hududidagi Rossiya harbiy kuchlarining mavjudligi qisqarayotganiga e’tibor qaratgan.

Putin va Pashinyan Bishkekda SHHT sammiti doirasida uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish niyati va bu qarorning Rossiya bilan munosabatlarga ehtimoliy ta’siri bo‘ldi.

O‘z navbatida, Pashinyan ham Armaniston Rossiya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. U Yerevanning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilishi Rossiya va YeOII bilan mavjud kelishuvlarni buzmaydi, deb hisoblashini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan endi Rossiyani “strategik sherik” deb hisoblamasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing