Turkiya SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lishni ko‘rib chiqmoqda – Erdo‘g‘an
Olam
−
22:05 281 2 daqiqa
Anqara SHHT bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqchi. Shu bilan birga, tashkilot bilan yanada yaqinlashish G‘arb vektoridan voz kechishni anglatmaydi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Qirg‘izistondan qaytish parvozi vaqtida jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Turkiyaning SHHTga a’zo bo‘lish istiqboli hech bir holatda mamlakatning G‘arbdan yuz o‘girishini anglatmaydi. Bizning maqsadimiz – har tomonlama qarash konsepsiyasiga amal qilgan holda o‘z ta’sirimizni kengaytirishdan iborat”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara NATOdagi ishtirokini saqlab qolgan holda, tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Turkiya 1952 yildan buyon Shimoliy Atlantika alyansiga (NATO) a’zo. O‘shanda a’zolikka qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli hujjatlarni mamlakat rahbari Jalol Bayar tasdiqlagan. Joriy yilning iyul oyida Anqara so‘nggi 22 yil ichida ilk bor o‘z hududida NATOning 36-sammitiga mezbonlik qildi. Parallel ravishda mamlakat SHHT bilan ham uzoq vaqtdan beri aloqalarni rivojlantirib kelmoqda. 2012 yilning iyun oyida Pekindagi sammitda Anqaraning arizasi bir ovozdan ma’qullangan, 2013 yilning aprel oyida esa Turkiyaga muloqot bo‘yicha sherik maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlagan memorandum imzolangan.
SHHT sammiti va “SHHT+” formatidagi uchrashuv joriy yil 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Bishkekda bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda 17 ta mamlakat va oltita xalqaro tashkilot delegatsiyalari ishtirok etdi. Birlashmaning to‘laqonli a’zolari 10 ta davlat: Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Hindiston, Pokiston, Eron va Belarus. Forumda ishtirok etgan yetakchilar orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, XXR Raisi Si Szinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va boshqalar bor.
Sammit davomida Erdo‘g‘an Vladimir Putin bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Asosiy mavzu Rossiya va Turkiyaning ikki tomonlama munosabatlari bo‘ldi. Tomonlar hamkorlikning yuqori darajada ekanini qayd etdi.
Live
Barchasi