Lavrov Markaziy Osiyoning YeI bilan hamkorlik sohalariga e’tiroz bildirdi

Olam

image

Rossiya G‘arbning Markaziy Osiyo mintaqasida “hukmronlik o‘rnatishga urinishlariga keskin qarshi”. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 23 aprel kuni Samarqandda O‘zbekistonga tashrifi va respublika rahbariyati bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Markaziy Osiyo – Rossiya” va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatlari haqidagi savolga javob berar ekan, Lavrov bunday formatlardagi hamkorlik faqat o‘zaro manfaatli va ushbu jarayonning barcha ishtirokchilariga mos keladigan kelishuvlarga asoslanishi mumkinligini ta’kidladi.

“Biz hamkorlik jarayonlarini siyosiylashtirishga, u yoki bu guruh davlatlari tomonidan ushbu va boshqa geosiyosiy makonlarda hukmronlik o‘rnatishga urinishlar bilan bog‘liq mafkuraviy elementlarning kiritilishiga mutlaqo qarshimiz. Afsuski, ikkinchi turdagi urinishlar g‘arblik hamkasblarning yondashuvlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yevropa Ittifoqi a’zolari bu yerda ayniqsa ajralib turadi”, dedi Lavrov.

Rossiya Tashqi ishlar vazirining fikricha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati o‘z kun tartibini ochiq Rossiyaga qarama-qarshilik bilan olg‘a siljitishga harakat qilmoqda.

“Biz ittifoqchilarimiz va strategik hamkorlarimizning ko‘p vektorli siyosat olib borishiga qarshi emasmiz. Ammo Markaziy Osiyoning ayrim hamkorlari o‘zaro manfaatli loyihalarni taklif qilishdan ko‘ra, mintaqa davlatlarining davlat tuzilmalariga, jumladan, chegara hududlari, statistika, bojxona kabi nozik sohalarga kirib borishga qaratilgan dasturlarga mablag‘ ajratish orqali o‘z manfaatlarini ko‘zlashga harakat qilsalar, buni ma’qullab bo‘lmaydi, albatta. Markaziy Osiyo davlatlari esa buni ko‘rib turibdi”, deya iddao qildi Lavrov. 

O‘zining matbuot kotibi O‘zbekistondagi maktabda sodir bo‘lgan oddiy hodisaga aralashgan Lavrov Rossiya davlatlarning ichki ishlariga aralashishga qarshi ekanini ta’kidladi.

“Biz hech qachon o‘zimizga hech kim bilan bunday ish qilishga ruxsat bermaymiz”, dedi u.

Shuningdek, Lavrov kuzda “Markaziy Osiyo-Rossiya” sammiti bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

“Biz MDH, SHHT doirasida hamda “Markaziy Osiyo “beshligi” plyus Rossiya mexanizmi doirasida, shu jumladan yaqinda 11 aprel kuni Olmaotada bo‘lib o‘tgan ushbu formatdagi Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini hisobga olgan holda hamkorlikni mustahkamlash rejalari haqida gaplashdik”, dedi vazir.

Uning aytishicha, 11 aprel kuni Olmaotada o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishining asosiy maqsadlaridan biri kuzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo-Rossiya” sammitiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘lgan.

Vazirning ta’kidlashicha, bu formatdagi sammit “oktyabr oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan MDH sammiti doirasida” bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, birinchi Markaziy Osiyo-Rossiya sammiti 2022 yil oktyabr oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha, 22 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Sergey Lavrovni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. Bugun, 23 aprel kuni u Samarqand shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov mazkur holatga munosabat bildirib, rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rayotganini aytdi.

Lavrovga qaytadigan bo‘lsak, u Baxtiyor Saidov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Lavrov O‘zbekiston rahbariyatiga Rossiyaning Ukraina inqirozini hal qilish uchun AQSH bilan aloqalari haqida axborot berganini aytdi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari rus tili va Rossiya qonunlarini bilishi kerakligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Lavrov Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi Markaziy Osiyo-Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing