Ortiqxo‘jayev atrofidagi gap-so‘zlar, xiyonatda ayblangan sobiq Prezident, arzonga “narxlangan” jurnalistlar... Bugun nimalar bo‘ldi?
Jamiyat
−
12 noyabr 2021
40024Jamiyat
16 fevral voqealari bo‘yicha oqlangan 5 kishining ishi qayta ko‘rib chiqiladi
Avvalroq 1999 yilda yuz bergan 16 fevral voqealariga aloqador besh kishi oqlangani haqida xabar bergan edik. Biroq Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan keltirilgan protest sabab mazkur shaxslar ishi qaytadan ko‘rib chiqiladigan bo‘lgandi.
Kecha, 11 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida Yolqin To‘laganovich Kamolov, Muhammadzohir Nabiyevich Xo‘jayev, Ibrohim Shavkatovich Yunusov, Baxtiyor Nabijanovich Begmatov, Iskandar Tojibayevich Bo‘riyevga oid jinoyat ishi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan keltirilgan protest asosida ko‘rib chiqilgan.
Andijonda hokim fuqaroni haqorat qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov va fuqaro o‘rtasidagi telefon suhbatining audioyozuvi tarqaldi. Suhbat davomida hokim fuqaroga qo‘ng‘iroq qilavermasligini aytib, uni haqorat qilgan. Fuqaro hokimdan ijara haqqi va uyini tiklab berishini talab qilgan.
Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqoridagi holat yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib holat yuzasidan dastlabki o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. O‘rganish ishlari davomida tarqalgan audioyozuv haqiqatdan ham Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovga tegishli ekanligi o‘z tasdig‘ini topgan.
Tijorat banklarida dollar kursi ko‘tarildi
Bugun, 12 noyabrdan O‘zbekistondagi tijorat banklarida AQSH dollari sotuv kursi 10785 so‘mgacha ko‘tarildi.
O‘z navbatida, tijorat banklari AQSH dollarini 10 680 -10 720 so‘mdan sotib olmoqda.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank tomonidan belgilangan dollarning rasmiy kursi 12 noyabrdan 10 732,04 so‘mni tashkil qilmoqda.
Toshkentda 15 yashar qizni zo‘rlagan o‘qituvchi va ikki do‘sti qamaldi
Avvalroq, Toshket shahri Mirobod tumanida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ikki do‘sti bilan 15 yoshli o‘quvchisini zo‘rlagani haqida xabar bergandik.
Joriy yilning 27 aprel kuni 30 yoshli jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Anvar X., keyinchalik esa uning ikki nafar tanishi – Mansurjon M. va Boymuhammad G. 15 yoshli 8-sinf o‘quvchisiga jinsiy tajovuz qilgandi.
Mazkur holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga muvofiq o‘qituvchi 4 yilga, do‘stlari esa 2 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Zangiotada IIB xodimlari fuqaroni kaltaklagani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumani IIB xodimlari tomonidan fuqaroga tan jarohati yetkazilganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda. Unda erkak IIB xodimlari uni 6 soat davomida yalang‘och holda sovuqda saqlashganini ham aytgan. Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 11 noyabr kuni kechki soat 20:00 larda Zangiota tumani, “Ramadon” mahalla fuqarolar yig‘ini, Markaziy ko‘chasida yashovchi fuqaro U.X. (ona) murojaat qilib, o‘g‘li, ishsiz, 1974 yilda tug‘ilgan U.M. muntazam ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qilishini, ayni vaqtda uyda janjal qilib, onasi va yaqinlariga tazyiq o‘tkazayotganini aytib, yordam so‘ragan.
Sherzod Qudratxo‘ja 25 va 5 yil oldingi OAVni gumma bilan steykka o‘xshatdi
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzod Qudratxo‘ja Karimov va Mirziyoyev davridagi so‘z va matbuot erkinligi, odamlarning unga bo‘lgan munosabatini gumma va steykka o‘xshatdi. Uning fikricha, gumma yeb yurgan odamlar steykni qabul qilishi juda qiyin.
Ortiqxo‘jayevning hokim lavozimidan olingani haqida gaplar tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev egallab turgan lavozimidan ozod etilganii haqida xabarlar tarqaldi.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtga amaldagi Bandlik va mehnat vaziri Nozim Husanov hokim etib, tayinlanishi mumkin.
Mazkur xabarlarga izoh olish uchun Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati bilan bog‘langanimizda, ular bu ma’lumotni tasdiqlamadi.
Jurnalistga tahdidning narxi 540 ming so‘mmi? OAVga bosim bo‘yicha qonun imi-jimida qabul qilinmasligi kerak
O‘zbekistonda jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish va unga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi kutilmoqda. QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, bu borada Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarafidan qonun loyihasi ishlab chiqilgan va Hukumatga taqdim etilgan.
Unga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki to‘sqinlik qilish, shu jumladan davlat organlari va davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari tomonidan senzura qilganlik, so‘roviga davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda axborotni (materiallarni) qonunda belgilangan muddat va tartibda taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on axborot (materiallar) taqdim etganlik, – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha (!) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, Ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holat aniqlangudek bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va uning hududiy boshqarmalari mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma ko‘rib chiqish uchun ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboriladi.
“Yuqoridagi qonun loyihasi kulgili emasmi? Necha yillardan buyon mansabdorlarning ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan bosim va tazyiqlari ortib borayotgani, ular birgina uzr bilan qutilib ketayotgani va xurmacha qiliqlarini davom ettirib kelayotgani haqida bong urilyapti. Qonunni ishlab chiqqan amaldorlar issiq idorasida choy xo‘plab o‘tirgan bir vaqtda jurnalist tazyiqqa uchrayapti, qo‘lidan kamerasi tortib olinyapti, ko‘chaning o‘rtasida tutib, huquq-tartibot idorasiga noqonuniy ravishda olib ketilyapti. Bularning badalini to‘lash shuncha arzonmi? Hozir O‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdorining 270 ming so‘mligini inobatga olsak, qonun qabul qilingach ham jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar bor-yo‘g‘i 540 ming so‘m, boring ana, 4 million so‘m bilan qutilib qolaveradi. Siz qurayotgan demokratik jamiyatda jurnalistning, adolatning narxi shumi?”, deya qayd etdi jurnalist Qamariddin Shayxov.
Olam
Turkiy kengash sammiti Prezident va Bosh vazir sud qilingan orolda o‘tkaziladi
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti Istanbul shahri yaqinida, Marmara dengizining o‘rtasida joylashgan sobiq Yassi orol, hozirgi Demokratiya va mustaqillik orolida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ham qatnashadi.
Gap shundaki, ushbu orol Turkiya tarixida muhim ahamiyatga ega. Orolda 1950 yillan 1960 yilgacha mamlakatni boshqargan Prezident Jalol Bayar, Bosh vazir Adnan Menderes, Tashqi ishlar vaziri Fatin Rushtu Zo‘rlu, Moliya vaziri Hasan Po‘latkan sud qilingan. Ular 1960 yilning 27 may kuni harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng, ushbu orolga olib kelingan va to 1961 yilning sentyabr oyigacha shu yerda saqlangan.
AQSH va ittifoqchilari inqiroz chiqargan Belarusga “kuchli” javob bilan tahdid qildi
Estoniya, Fransiya, Irlandiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va AQSH, shuningdek ularga qo‘shilgan Albaniya Belarus hukumatini qo‘shni davlatlardagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun muhojirlardan sun’iy ravishda foydalanayotganlikda aybladi. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashidagi yopiq maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha davlatlarning tegishli bayonotiga tayanib xabar berilgan. Bayonotni Estoniyaning doimiy vakili Sven Yurgenson o‘qib eshittirgan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatlar guruhi “Belarusni hayoti va farovonligi tahdid ostida bo‘lgan odamlardan siyosiy maqsadlarda foydalanishda va Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasida qo‘shni davlatlarni beqarorlashtirishda aybladi”.
“Tolibon” ISHID jangarilarini hibsga olmayapti – sobiq vitse-prezident
Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati ISHID terrorchilik guruhi jangarilarini emas, balki sobiq afg‘on armiyasi harbiy xizmatchilarini hibsga olmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih ma’lum qildi.
“Tolibon”ning “Xurosondagi Islomiy davlat”ning yuzlab jangarilari hibsda ekanligi haqidagi bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, degan siyosatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida “Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari harbiy xizmatchilari, huquq faollari va “Tolibon” harakatidan rozi bo‘lmagan afg‘onlar” bor.
Erta tug‘ilish bo‘yicha dunyo rekordi yangilandi
AQSHning Alabama shtatida homiladorlikning 21-haftasi 1-kunida tug‘ilgan Kertis Mins tarixdagi eng erta tug‘ilgan chaqaloq rasman tan olindi. O‘tgan yili tug‘ilgan chaqaloq bir yoshu to‘rt oylik bo‘lganida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritildi.
Odatda homiladorlik 40 hafta davom etadi, ammo Kertis va uning singlisi Kasia deyarli ushbu muddatning yarmida tug‘ilgan. Shu sabab Kertisning yashab ketishi ehtimoli 1 foiz deya baholangan va u yashab ketgan. Kasia esa tug‘ilgandan keyin bor-yo‘g‘i 1 kun yashagan.
Poroshenko davlatga xiyonatda gumonlanmoqda
Ukraina Xavfsizlik xizmati sobiq Prezident Pyotr Poroshenko va Milliy bank sobiq rahbari Valeriya Gontarevaning Donbassda ko‘mir sotib olishda davlatga xiyonat qilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganmoqda.
“Shunday ehtimol tekshirilmoqda”, degan Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanov “Ukrainskiye novosti” agentligiga.
UXX oktyabr oyi boshida “Muxolifat platformasi – hayot uchun” partiyasi siyosiy kengashi rahbari Viktor Medvedchukning davlatga xiyonatda aybdor ekanini isbotlovchi suhbatlari yozuvlarini e’lon qildi. Suhbatlarda Poroshenkoning ism-familiyasi, keyin esa cheklar paydo bo‘lgan.
Sport
Bosh vazir Aripov “Bavariya” muxlisi ekani ma’lum bo‘ldi
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyada bo‘lib turibdi.
Kecha, 11 noyabr kuni Germaniyaning Bavariya federal o‘lkasi Bosh vaziri Markus Zyoder Instagram sahifasiga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan birgalikda Myunxenning “Bavariya” futbol klubi libosini ushlab turgani aks etgan suratni joylashtirdi.
“Markaziy Osiyodan Bavariyaga xalqaro tashrif: O‘zbekiston Bosh vaziri va “Bavariya” jamoasi muxlisi hisoblangan Abdulla Aripov bilan suhbat. Bavariya aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekiston ishonchli xalqaro hamkordir. Ushbu mamlakat Afg‘onistondan aholini evakuatsiya qilish paytida Bundesverni qo‘llab-quvvatladi”, deya yozib qoldirgan Zyoder.
Asosiy vazifa samboni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish – Shestakov
O‘zbekiston koronavirus sharoitida sambo bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilishga rozilik bildirib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) prezidenti Vasiliy Shestakov Jahon chempionati boshlanishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Koronavirus sabab mezbon JCHni qabul qila olmadi. Alisher Alimov boshchiligidagi O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi esa bunday vaziyatda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Buning uchun O‘zbekistonga rahmat aytaman. Masofa uzoqligiga qaramay, Dominikan Respublikasi, Trinidad va Tobago, Venesuela, Kosta-Rika, AQSH terma jamoalari O‘zbekistonda bo‘layotgan Jahon chempionatida qatnashishmoqda. Koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar turli mamlakatlarda boshqacha. Ba’zi davlatlarda zallar ham ishlamayapti. Lekin sambo sporti Panamerikada ham rivojlanib borayotganini e’tirof etishimiz lozim”, deydi Shestakov.
Sambo bo‘yicha JCHda O‘zbekiston nechta medal qo‘lga kirita oladi? So‘z Alisher Alimovga
Joriy yilning 12-14 noyabr kunlari Toshkent shahrida sambo bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkaziladi. Unda Roman Shakirov murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkibda ishtirok etadi. FIAS’ning Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinganidan keyingi ilk dunyo birinchiligida o‘zbekistonlik sportchilar nechta medal qo‘lga kirita oladi?
“Har bir assotsiatsiya, federatsiya, sportchi va murabbiyning oliy maqsadi bo‘ladi. Shu qatorda O‘zbekiston sambo terma jamoasi ham ushbu Jahon chempionatiga jiddiy hozirlik ko‘rdi. Buning uchun o‘quv mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Biz maksimal darajada yuqori pog‘onalarni qo‘lga kiritmoqchimiz. Sambo bo‘yicha O‘zbekiston kattalar terma jamoasi jahon reytingida uchinchi o‘rinni, yoshlarimiz esa ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Yaqin kelajakda natijalarni yanada yaxshilamoqchimiz. Tahmin qilishni yoqtirmayman, barchasi yakunda hal bo‘ladi. Davlatimiz turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan kerakli sharoitlar yaratib berildi. Maqsadimiz maksimal darajada ko‘proq medal qo‘lga kiritishdan iborat”, deydi Alimov.
LiveBarchasi