Kreml To‘qayevning Rossiyani chetlab o‘tib, neft sotish haqidagi qaroriga izoh berdi
Olam
−
08 iyul 2022
47659Kreml Qozog‘istonning Rossiyani chetlab o‘tib, Kaspiy dengizdan Yevropaga o‘tadigan neft tranziti tashkil etish haqidagi qarorini siyosiy asosga ega emas, deb hisoblaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Bu [bayonot] siyosiy sabablarga ko‘ra emas. Bu yerda [vaziyatga] juda ehtiyotkorlik bilan qarash kerak”, degan Kreml rasmiysi.
Shuningdek, Peskov Moskva Rossiya sudi qarori bilan Qozog‘iston nefti eksport qilinadigan Kaspiy quvurlari konsorsiumining vaqtincha yopilishi bilan bog‘liq vaziyat rivojlanishini kuzatayotganini aytdi.
“Atrof-muhit parametrlariga ko‘ra, konsorsium faoliyatini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu yerda, albatta, qozog‘istonlik hamkorlarimiz bilan qo‘shimcha aloqalar talab etiladi”, deya ta’kidladi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, To‘qayev Transkaspiy ustuvor yo‘nalish hisoblanishini aytgandi. Shuningdek, u “KazMunayGaz”ga uni amalga oshirishning eng yaxshi variantini, jumladan Tengiz loyihasidan investorlarni jalb qilish imkoniyatlarini ishlab chiqishni topshirgan.
Qozog‘iston Yevropaga neft yetkazib beradigan asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat nefti asosan Rossiya orqali o‘tadigan Kaspiy bo‘yi konsorsiumidan oqib Yevropa davlatlarigacha boradi. Ammo Rossiya sudi Qozog‘iston neftini eksport qilish bo‘yicha “Kaspiy quvurlari konsorsiumi” faoliyatini 5 iyuldan 4 avgustga qadar to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi.
Avvalroq, To‘qayev Yevropaga Rossiya nefti o‘rniga o‘zinikini taklif qilgandi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston kuniga 1,7 million barrelga yaqin neft qazib oladi. Uning katta qismi eksport qilinadi. Mamlakat Ukrainadagi urushdan oldin ham Italiya, Niderlandiya va Fransiya davlatlariga neft sotgan.
LiveBarchasi