Kreml vabo haqidagi “mish-mishlarga” ishonmaslikka chaqirdi
Olam
−
17:06 364 2 daqiqa
Rossiyaliklar Irkutsk viloyatida vabo epidemiyasi tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi “mish-mishlarga” ishonmasliklari kerak. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalislarning savoliga javoban ma’lum qildi.
“Ushbu sohada vakolatli bo‘lgan asosiy idora Rospotrebnadzordir. Turli mish-mishlar va turli muhokamalarga quloq solmay, aynan Rospotrebnadzorning rasmiy bayonotlariga tayanish kerak”, deydi Kreml vakili.
U, shuningdek, Rospotrebnadzorda “ushbu sohada yuqori malakali mutaxassislar ishlashini” qo‘shimcha qilgan.
Idoraning ma’lum qilishicha, vaziyat bo‘yicha “tadqiqot va tahlil” o‘tkazilgan va bu Irkutsk viloyatida “barqaror sanitariya-epidemiologik vaziyat” saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya rasmiylari joriy yilning 29 sentyabr kuni Irkutsk o‘latga qarshi kurashish instituti xodimasi og‘ir pnevmoniya simptomlari bilan shifoxonaga yotqizilgani va 1 dan 2 oktyabrga o‘tar kechasi vafot etganini xabar qilgan edi.
OAV u vabo qurboni bo‘lgani haqida yozdi. Taxminlardan biriga ko‘ra, 27 yoshli ayol Mo‘g‘uliston bilan chegarada o‘lat o‘chog‘i qayd etilgan Buryatiyaga xizmat safaridan qaytgan. Boshqa bir taxminga ko‘ra era, u laboratoriyada xavfli bakteriya solingan probirkani tasodifan sindirib yuborgan. Ayolning o‘limidan so‘ng u yotqizilgan Shelexov shifoxonasi karantinga yopilgan, shuningdek, marhuma bilan muloqotda bo‘lgan 189 kishi aniqlanib, shifoxonaga joylashtirilgan. Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev ushbu odamlarda kasallik belgilari aniqlanmaganini ma’lum qilgan.
Ushbu voqealar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ehtiyot choralarini kuchaytirdi. Xususan, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi o‘ta xavfli infeksiyalarning kirib kelishining oldini olish uchun mas’ul xizmatlarning shayligini oshirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp administratsiyasi ham Rossiyada vabo kasalligi bo‘lishi mumkinligi va bu bilan bog‘liq karantin choralari haqidagi xabarlarni kuzatib bormoqda. “Axios” manbasining so‘zlariga ko‘ra, Oq uyda vaziyatning rivojlanish “variantlari baholanmoqda”.
Live
Barchasi