To‘qayev rus tilini siyosatdan uzoq tutishga chaqirdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev rus tilini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. Bu haqda u kecha, 22 sentyabr kuni Oqo‘rdada Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot bosh kotibi Natalya Bocharova bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Qozog‘iston rahbari tashkilotning gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan zamonaviy, obro‘li va samarali faoliyat yurituvchi tuzilma sifatida shakllanishi prinsipial ahamiyatga ega ekanini bildirgan.

Suhbat davomida ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirokchi barcha davlatlar manfaatlari teng hisobga olinishini ta’minlash muhim. Qosim-Jomart To‘qayevning aytishicha, til siyosiylashtirish predmetiga aylanmay, balki odamlarni birlashtirishi va o‘zaro tushunishga xizmat qilishi kerak.

O‘z navbatida, Natalya Bocharova Qozog‘iston rahbariga tashkilot faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan, shuningdek, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalar haqida ma’lumot bergan.

Ma’lumot uchun, To‘qayev 2021 yil 28 dekabr kuni Sankt-Peterburgda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarda rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish tashabbusini ilgari surgan. Mazkur tashabbusni Rossiya va Belarus qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda rus tilidan foydalanish bo‘yicha ifoda yangi Konstitutsiya loyihasida o‘zgartirilgandi. Xususan, 9-moddada davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida qozoq tili bilan “teng ravishda” rus tilidan ham rasmiy foydalanilishi yozilgan edi. Endilikda “teng ravishda” so‘zi “bilan bir qatorda” iborasiga almashtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing