“Kolya Qirg‘iz”ning 500 ming dollarlik zotdor otlari musodara qilindi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi jinoiy avtoritet Qamchi Ko‘lboyevga tegishli zotdor otlarni musodara qildi. Ularning taxminiy qiymati 500 ming dollardan oshgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 8 bosh zotli otning fotosuratlari ham taqdim etilgan. Aytilishicha, qimmatbaho otlarni bir necha yil avval Qamchibek Ko‘lboyev 2006 yilda o‘ldirilgan boshqa bir jinoiy guruh rahbari Risbek Akmatboyevning qarindoshlariga tegishli otxonadan olib chiqib ketgan.

“Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va ularni moliyalashtirish manbalariga chek qo‘yish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish doirasida Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan “uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etish” fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan ko‘char va ko‘chmas mulklarni aniqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mazkur davlat siyosatini amalga oshirish doirasida uyushgan jinoiy guruh a’zolarining yashash joyida tintuv o‘tkazilgan.  Xususan Issiqko‘l viloyati hududida “Kolya Qirg‘iz”ning jinoiy guruhiga aloqador shaxslarning yashash joylari ham tekshirilgan.

Ma’lumot uchun, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir qancha qirg‘izistonlik kriminal avtoritetlar, jumladan O‘shni “nazorat qiladigan” Ulan Toktosunov (Sakal), Qodirbek Dosonov (Djengo), Ulan Barchakeyev (Uzun Ulan), Baktibek Amanqulov, Almazbek Ermekboev va boshqalarning videomurojaatlari paydo bo‘lgan. Ular Qirg‘iziston Respublikasi qonunlariga rioya qilishni davom ettirishga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi. Yevroosiyo tahliliy klubi rahbari, xalqaro siyosatshunos Nikita Mendkovich esa Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonning navbatdagi prezidenti bo‘lishi mumkinligini prognoz qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Qamchibek Ko'lboev Kolya Qirg'iz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing