Kolumbiyaning sobiq prezidentiga hukm o‘qildi
Olam
−
02 avgust 4453 2 daqiqa
Kolumbiyaning sobiq prezidenti Alvaro Uribe guvohlarni soxtalashtirish va firibgarlik aybi bilan 12 yillik uy qamog‘iga hukm qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
73 yoshli siyosatchi mamlakat tarixida jinoyatda ayblangan birinchi sobiq prezident bo‘ldi. Shuningdek, unga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlangan va 578 ming dollar jarimaga tortilgan. Hukm Kolumbiyada 2026 yilgi prezidentlik saylovlariga bir yildan kamroq vaqt qolganida chiqdi.
O‘zining aybsizligini ta’kidlagan Uribe Bogotadagi sudyaga sud hukmi ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini aytgan va bu ish “demokratik muxolifat ovozini yo‘q qilish”ga qaratilganini ta’kidlagan.
U 2002 yildan 2010 yilgacha prezident bo‘lib ishlagan va chap qanot isyonchilarga qarshi kurashda o‘ng qanot harbiylashgan guruhlar bilan hamkorlik qilgani haqidagi ayblovlarga qaramay, Kolumbiyada mashhur bo‘lib qolmoqda. Bu guruhlarning aksariyati keyinchalik inson huquqlari poymol qilingani haqidagi da’volar tufayli terrorchi guruhlar deb topilgan. Kolumbiyaning sobiq prezidentiga nisbatan ish 2018 yilda ochilgan. Uribe tergov boshidanoq o‘zining aybsizligini ta’kidlab kelgan.
Sobiq prezident qariyb 13 yil davom etgan guvohlarni soxtalashtirish ishida ikkita moddada aybdor deb topildi.
Agentlikka ko‘ra, sud hukmi Kolumbiyaning Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlariga ta’sir qilishi mumkin. Davlat kotibi Marko Rubio shu hafta Uribe chiqarilgan hukm “radikal sudyalar tomonidan Kolumbiya sud tizimini qurollantirish” ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tunis sudi sobiq prezident Monsef Marzukini sirtdan 22 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Argentinaning sobiq prezidenti Kristina Kirshner esa korrupsiya jinoyati bo‘yicha 6 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Kiyev sudi Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni chegaradan noqonuniy olib o‘tish va qochqinlikka undashda ayblab, 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Peru sobiq prezidenti Olyanta Umala ham shuncha yilga qamaldi. Filippin politsiyasi respublikani 2016–2022 yillarda boshqargan sobiq prezident Rodrigo Duterteni esa insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi asosida hibsga oldi.
Live
Barchasi