Afrikada sobiq prezident 22 yil qamoq jazosiga hukm qilindi
Olam
−
21 iyun 2025 3258 2 daqiqa
Tunis sudi sobiq prezident Monsef Marzukini sirtdan 22 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 79 yoshli Marzuki hozirda Parijda surgunda yashamoqda. U sud qaroriga munosabat bildirgan.
“Men bu sudyalarga aytmoqchiman: sizlarning hukmlaringiz haqiqiy emas. Tez orada sizlarning o‘zingizning ustingizdan sud bo‘ladi. Demokratiya qaytadi”, degan sobiq davlat rahbari.
Marzuki 2011 yildan 2014 yilgacha Tunis prezidenti lavozimida ishlagan. U hozirgi prezident Kais Saidni parlamentni hokimiyatdan chetlatib, avtoritar tuzum o‘rnatishda ayblab keladi. Prezident Said esa bu harakatlar mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur bo‘lganini aytgan.
Bu Marzuki haqida chiqarilgan uchinchi hukm hisoblanadi.
2021 yilning 14 oktyabr kuni prezident Kais Said boshchiligidagi Tunis hukumati Marzukining diplomatik pasportini bekor qildi. 2021 yilning noyabr oyida esa unga qarshi xalqaro hibsga olish orderi chiqarildi, u davlat xavfsizligiga tahdid solganlikda ayblandi. 2021 yil 23 dekabr kuni u sirtqi tarzda 4 yilga qamaldi. Sud uni chet elda turib, Tunis davlati xavfsizligiga zarar yetkazganlikda va diplomatik zarar keltirganlikda aybdor deb topdi. Marzuki bu hukmni “noqonuniy” deb atadi.
2021 yilning 29 dekabr kuni u Tunisga qaytib, amaldagi tuzumni ag‘darishni maqsad qilganini e’lon qildi. 2022 yil yanvar oyida Marzuki 2019 yilgi prezidentlik saylovlarida sodir etilgan “saylov qonunbuzarliklari” uchun sudga tortilgan 19 yuqori martabali siyosatchilar qatorida bo‘ldi. O‘sha yili u yana sirtqi tarzda 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
2024 yilda Marzuki yana sirtqi tarzda 8 yilga qamaldi. Bu hukm uning hukumatga qarshi chiqishlari va hokimiyatni ag‘darishga da’vat sifatida talqin qilingan bayonotlariga asoslandi.
Ma’lumot uchun, Tunis Afrikaning olis shimolidagi davlat. Aholisi (2017 yil iyul oyidagi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra) 11 403 800 kishi, hududi 163 610 km². Poytaxti – Tunis. Rasmiy tili – arab tili. Boshqaruv shakli – prezidentlik respublikasi. Pul birligi – Tunis dinori. Shimol va sharqdagi qirg‘oqlarini O‘rtayer dengizi suvlari yuvib turadi, g‘arbda Jazoir, janubi-sharqda Liviya bilan chegaradosh.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinaning sobiq prezidenti Kristina Kirshner korrupsiya jinoyati bo‘yicha olti yil qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Live
Barchasi