Argentinaning sobiq prezidenti qamaldi
Olam
−
11 iyun 6458 2 daqiqa
Argentinaning sobiq prezidenti Kristina Kirshner korrupsiya jinoyati bo‘yicha olti yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda TN telekanali xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, mamlakatning Oliy sudi ilgari chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirgan. Sud kollegiyasi bir ovozdan Kirshnerni jinoyatkor guruh tashkil etishda va davlat mablag‘larini o‘zlashtirish maqsadida firibgarlik asosidagi boshqaruvda aybdor deb topgan. Ushbu mablag‘lar Santa-Krusdagi milliy infratuzilma loyihalari uchun ajratilgan edi.
Sud shuningdek, Kirshner 2003 yildan 2015 yilgacha tadbirkor Lazaro Baes manfaatlarini ko‘zlab ish olib borganini aniqlagan. Loyihalar bo‘yicha narxlar sun’iy ravishda oshirilgan va ko‘plab ishlar umuman bajarilmagan. Shuningdek, unga umrbod davlat xizmatida ishlash taqiqlangan.
Qayd etilishicha, sudlanuvchi qamoq jazosini uy qamog‘iga almashtirishni so‘rash huquqiga ega. Bir necha kun oldin Kirshner Buenos-Ayres provinsiyasidan deputatlikka nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Kristina Kirshner Argentinaning 56-prezidenti bo‘lib ishlagan, u 2007 yil 10 dekabrdan 2015 yil 10 dekabrgacha bu lavozimni egallagan.
Bu davr mobaynida u ikki muddat davomida – 2007 va 2011 yillarda saylangan, birinchi bo‘lib to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov asosida prezident bo‘lgan ayol edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziyaning apellyatsiya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili bo‘yicha chegaraning noqonuniy kesib o‘tilgani haqidagi ish yuzasidan og‘zaki eshituvni o‘tkazmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘z kuchida qoldirgandi. Birinchi instansiya sudi unga nisbatan 12 yil 6 oy muddatga qamoq jazosi tayinlagan. Gruziya sobiq prezidentining tarafdorlari va huquq himoyachilari unga qo‘yilgan ayblovlarni siyosiy deb hisoblamoqda. Yevropa Ittifoqi Mixail Saakashvilini siyosiy mahbus deb tan olgan.