Oltin koni qulashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
09:32 2505 2 daqiqa
Kolumbiyaning janubi-g‘arbidagi Narinyu provinsiyasida kecha, 19 oktyabr kuni ruxsatsiz faoliyat yuritayotgan ochiq oltin koni qulashi oqibatida kamida 14 nafar konchi halok bo‘ldi, yana 7 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Santa-Barbara-de-Iskuande shahri yaqinida yuz bergan. Narinyu provinsiyasi hukumatining ma’lum qilishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari 19 oktyabr kuni kechqurun yakunlangan.
“Ushbu favqulodda hodisa norasmiy konchilik bilan bog‘liq xavflarni yana bir bor ko‘rsatmoqda. Uch oydan kam vaqt ichida Narinyu provinsiyasida ikkita kon qulashi oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi”, deyiladi mahalliy hukumat bayonotida.
Narinyu provinsiyasi gubernatori Luis Alfonso Eskobar hodisa oqibatida butun oilalar halok bo‘lganini aytgan.
“Bu juda ayanchli hodisa. Butun oilalar halok bo‘ldi”, degan u.
Santa-Barbara-de-Iskuande shahri qalin tropik o‘rmonlar bilan o‘ralgan bo‘lib, u yerga faqat qayiq yoki kichik samolyotda yetib borish mumkin. Shu sababli qutqaruv guruhlarining hududga borishi qiyin. Bundan tashqari, shaharchada xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar ham mavjud.
Nashrga ko‘ra, Kolumbiyada yuzlab kichik konlar hukumat ruxsatisiz ishlaydi, ularning ayrimlari qurolli guruhlar nazoratida.
Kolumbiya Ombudsman idorasi hududdagi qurolli guruhlarni gumanitar yordamning shaharchaga yetib borishiga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirgan.
“Barcha sa’y-harakatlarimiz insonlar hayotini himoya qilish va ushbu favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilishi kerak”, deyiladi idoraning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sudanning G‘arbiy Kordofan provinsiyasida joylashgan “Al-Zara” oltin konining o‘pirilib tushishi oqibatida kamida 67 kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi