Klinikada hatto qon tekshiradigan texnikasi ham yo‘q edi – Ulug‘bek Shodibekov Farhod Mannopovning o‘limi haqida
3-sahifa
−
15 mart 2023
22704“Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopovning komaga tushganini shifokorlar uning yaqinlaridan 6 soat davomida yashirgan. Faqat oila a’zolarining qistovi bilan u komaga tushganini ochiqlashga majbur bo‘lingan. Bu haqda uning do‘sti va “Mittivine” jamoasi a’zosi Ulug‘bek Shodibekov YouTube’dagi kanallardan biriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“[3 mart kuni] soat 13:20 da operatsiyaga kirib ketdi, soat 15:00 da chiqishi kerak edi. Soat 17:00, 18:00 bo‘ldi, chiqmadi. Ichkarida onasi va ayoli bor edi, men esa klinikaning yonida kutib o‘tirgandim. Yordamchisiga ko‘ng‘iroq qilib, nima bo‘layotganini so‘radi. U esa [shifokorning] boshqa bemori kelib qolayotgani, shu bois operatsiya cho‘zilayotganini aytdi. Buni qanday tushunish mumkin. Bitta bemorni operatsiya qilinayotganda boshqa bemorga qaralmaydi-ku, menimcha. Soat 19:30 gacha hech narsa aytishmadi, soat 20:30 da Farhodning onasi qo‘ymay so‘raganidan keyin “komaga tushib qoldi”, deb aytishdi. Tasavvur qiling, buni bizga 5 soat o‘tib aytishyapti. Reaksiya 1 soatu 42 daqiqada paydo bo‘lgan. Bu soat 14:30 ga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, bizga 20:30 da, 5-6 soat o‘tib xabar berishdi”, deydi Ulug‘bek Shodibekov.
U so‘zida davom etarkan, do‘stining komaga tushganidan xabar topganida o‘zi ham shokka tushganini aytdi. U, shifokorlar operatsiya boshlanganidan 1,5 soat o‘tib yuzaga kelgan muammo haqida Mannopovning yaqinlariga darhol xabar bermay, 5-6 soat vaqt yo‘qotilganidan noroziligini ifoda etgan.
Uning qayd etishicha, yaqinlariga xabar berilgunga qadar Mannopovning yuragi uch marta to‘xtab qolgan.
“Soat 21:00-22:00. Biz eng yaxshi doktorlarni olib kelishni boshladik. Kelgan doktorlar savol berib, texnikalarning nomini aytyapti, texnikalar yo‘q bo‘lib chiqdi. “Menga bir narsa juda muhim: Farhodning yuragi necha daqiqa to‘xtab qoldi”, deb savol berildi. Adashmasam, agar yurak 6-7 daqiqadan ko‘p to‘xtab qolsa, foyda bo‘lmas ekan. Organizm ishlamas ekan, o‘ziga kelib, ko‘zini ochgan taqdirda ham harakat qila olmas ekan. Shundan kelib chiqib, biz olib kelgan doktor anesteziologga savol berdi: 1 yoki 2 daqiqa? Aniq javob berilmadi”, deydi Mannopovning eng yaqin do‘sti va jamoadoshi.
Ulug‘bek Shodibekovning qo‘shimcha qilishicha, shifokorlar operatsiya vaqtida Mannopovning harorati ko‘tarilganini kech payqagan. Shifokorlar uning qon bosimini tushirish bilan ovora bo‘lgan. Bungacha esa uning harorati 42 darajagacha ko‘tarilgan. Bu orada o‘pkaga qon ketgan.
“O‘pka, jigar, buyrak, yurakni uch marta ishdan chiqarib, keyin bizga xabar berishgan”, deydi Ulug‘bek Shodibekov.
U so‘zida davom etib, Mannopov vafot etishidan oldin uning qon tahlillari boshqa klinikada bir necha bor tekshirib borilgani, u operatsiya qilingan klinikada esa kerakli texnikalar bo‘lmaganini aytadi.
“Qon tekshiradigan apparati ham yo‘q ekan. Har yarim soatda men Bunyodkor stadionidan Paxtakor metrosiga qatnadim. Boraman, tahlil natijalarini suratga olib, shifoxonaga yuboraman. Farhodga biz tashqaridan olib kelgan doktorlar qarashni boshladi, klinikadagi doktorlar “o‘yin”dan chiqdi. Shu paytgacha nimalar bo‘lgani haqida ma’lumot berib turishdi. Men esa Paxtakorga ertalabgacha 8-10 marta qatnadim. Orada ahvoli biroz yaxshilandi, bizda umid paydo bo‘ldi. Lekin bizga yuragi necha daqiqa to‘xtagani aytilganda, shunga qarab harakat qilgan bo‘lar edik”, deydi Shodibekov.
Eslatib o‘tamiz, Farhod Mannopovning o‘limiga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Farhod Mannopovning o‘ligi chiqqan “Star Med Center” kecha, 14 martdan e’tiboran faoliyatini 10 kunga to‘xtatdi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, mazkur tibbiyot muassasasida bir qator litsenziya talab va shartlariga nomuvofiqliklar aniqlangan.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr