KXSHTning kuchi NATOga javob berish uchun yetadi – tashkilot Bosh kotibi
Olam
−
23 may 2022
20339Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti NATOning kengayishi bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga javob qaytarish uchun yetarli kuch va vositalarga ega. Bu haqda tashkilot Bosh kotibi Stanislav Zas “Belarus 1” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bunday vaziyatda kuch salohiyatimizni oshirishimiz kerakmi? Bu vaziyatda (yangi a’zolar NATOga qo‘shilganda – tahr.) haqiqatda yuzaga keladigan ehtimoliy tahdidlarga javob berish uchun bizda yetarlicha kuch va vositalar mavjud. Hozir bunday masala kun tartibida yo‘q (KXSHT kuch blokini kuchaytirish to‘g‘risida – tahr.), degan u Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirish rejalarini izohlab.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansiga yangi a’zolarning qabul qilinishi taranglikning kuchayishi va mintaqani harbiylashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi, bu esa barcha tomonlar uchun xavfsizlikni mustahkamlashga yordam bermaydi.
Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.
Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.
11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.
13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.
LiveBarchasi