Kiyev uchun janglar bo‘lmoqda – deputat
Olam
−
26 fevral 2022 12503 3 daqiqa
Ukraina poytaxti Kiyevda mamlakatga bostirib kirgan rus diversantlari va ukrain askarlari o‘rtasida otishmalar bo‘lmoqda. Bu haqda Ukraina Oliy Radasi Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Maryana Bezuglaya ma’lum qildi.
Bezuglayaga ko‘ra, 26 fevral kuni ertalab soat 4:26 holatiga ko‘ra Kiyevdagi vaziyat haqida gapirib, shunday degan:
“Ukraina Qurolli Kuchlari razvedkachi-sabotaj guruhini Kiyevdan siqib chiqaryapti. Janglar davom etmoqda”.
Ukraina OAV Prezident Zelenskiy Kiyev mudofaasiga shaxsan boshchilik qilayotganin ta’kidlamoqda.
UNIAN xabariga ko‘ra, 26 fevralga o‘tar kechasi Kiyevning qator tumanlarida portlash ovozlari eshitilgan. Beresteyskayada bosqinchilar harbiy qismni egallab olishga harakat qilishgan, ammo Ukraina Qurolli kuchlari ularga qarshilik ko‘rsatgan. Hozir o‘ng qirg‘oqda notinchlik.
Ukraina Qurolli Kuchlari qo‘mondoni Kiyev viloyatida bortida desantchilar bo‘lgan (Rossiyaning) Il-76 urib tushirilganin ma’lum qilgandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
Barchasi