Kiyev qamalga olindi – Rossiya Mudofaa vazirligi

Olam

image

Rossiya desantchilari Kiyev chekkasidagi Gostomel aerodromini egallab oldi va Rossiya Havo-desant kuchlarining asosiy kuchlari bilan birlashib, Ukraina poytaxtini g‘arbdan qamal qildi. Bu haqda bugun, 25 fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qilgan. 

"24 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Kiyev chekkasidagi Gostomel aerodromi hududida muvaffaqiyatli qo‘nish operatsiyasini amalga oshirdi. Aerodromni qamal qilish paytida 200 dan ortiq Ukraina maxsus bo‘linmalari xodimlari halok bo‘ldi, Rossiya Qurolli kuchlarida yo‘qotishlar yo‘q”, deydi u. 

Unga ko‘ra, hozirgi vaqtda havo-desant qo‘shinlarining asosiy kuchlari Gostomel aerodromida Rossiya desant bo‘linmalari bilan birlashib, Kiyev shahrini g‘arbdan to‘sib qo‘ygan.

Rossiya harbiylari Kiyevning turar-joylariga zarba bermaydi, deb ishontirmoqda Rossiya Mudofaa vazirligi. 

“Rossiya harbiy xizmatchilari tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun barcha choralarni ko‘rmoqda”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, Ukraina rahbariyati terrorchilarning usullaridan foydalanmoqda va ukrainaliklardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqchi. 

"Ukraina fuqarolariga murojaat qilaman. Sizning millatchi rahbariyatingiz terrorchilar kabi usullardan foydalanmoqda. Ular sizdan tirik qalqon sifatida foydalanmoqchi. Rossiya qurolli kuchlari Ukraina poytaxtining turar-joylariga hech qanday zarba bermaydi", deydi Konashenkov. 

Rossiya Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Kiyev va boshqa shaharlarda vazifalarni bajarishda davom etmoqda. 

“Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari Kiyev va boshqa shaharlarda mardlik va qahramonlik ko‘rsatib, topshiriqlarni bajarishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda razvedka ma’lumotlariga ko‘ra,  Gostomel aerodromiga zarba berish uchun Kiyevdagi Shevchenko maydonida “Grad” raketa tizimlari o‘rnatilgan”, deydi Konashenkov. 

Mudofaa vazirligi vakiliga ko‘ra, Pentagon va Markaziy razvedka boshqarmasi maslahatchilari Kiyevga javob otishmalarini qo‘zg‘atish uchun aholi punktlarida raketa-artilleriya tizimlarini qanday joylashtirishni o‘rgatishgan. 

"Pentagon va Markaziy razvedka boshqarmasi maslahatchilari Ukraina harbiy rahbariyatiga mahalliy aholiga javoban otishma qo‘zg‘atish uchun aholi punktlariga raketa-artilleriya tizimlarini qanday joylashtirishni o‘rgatishgan. Kiyev rejimining o‘z artilleriyasining o‘q otish joylarini qoplash uchun turar-joylardan foydalanishi urush jinoyatidir", deydi u.  

Uning ta’kidlashicha, bu usul hammaga ma’lum, chunki "bundan Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlarda Markaziy razvedka boshqarmasi nazorati ostidagi terrorchilar faol foydalanmoqda".

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

105

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing