XTV davlat xaridlari, davlat byudjetiga oid ma’lumotlarni yashirib kelmoqda
Jamiyat
−
07 may 2022
7745O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgan davlat xaridlari, davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar haqidagi ma’lumotlarni yashirib, ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirmay kelmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining kecha, 6 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida so‘z bordi.
Unda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ijro etilishini o‘rganish yakunlari muhokama etilgan.
Majlisda vazirlik, uning tarkibiy va hududiy boshqarmalari tomonidan ochiqlikni ta’minlash yo‘nalishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilingan.
Xususan, vazirlik 2021 yildagi faoliyatiga oid hisobotini joriy yil 1 aprelga qadar jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanini o‘tkazmagan, vazirlik faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovlarni ko‘rib chiqishning umumiy natijalari haqidagi axborot e’lon qilinmagan, vazirlik faoliyatiga oid axborotlar axborot-kutubxona va arxiv fondlariga taqdim etilmagan, vazirlikning “uzedu.uz” rasmiy veb-saytini yuritish ishlari o‘z xoliga tashlab qo‘yilgan.
Vazirlikning rasmiy veb-sayti hamda ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz)da ham ochiq ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Jumladan:
• amalga oshirilgan davlat xaridlari, davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi (xarid e’lon qilinishidan kamida 6 oy oldin);
• davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida tashkil etiladigan xarid komissiyalarining xarid komissiyasi tarkibini tasdiqlash haqidagi qarori;
• tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi bilan bir qatorda, uning ijrosi, shu jumladan ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish va saqlash xarajatlari;
• xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar;
• vazirlikning tasdiqlangan yarim yillik va (yoki) yillik ish rejalari;
• vazirlikka doimiy foydalanish uchun berilgan yer maydonlari va boshqa mol-mulklarni davlat-xususiy sheriklik asosida olgan yuridik va jismoniy shaxslar kabi ma’lumotlar.
Bundan tashqari, senatorlar ta’kidlaganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Halq ta’limi vazirligi, Andijon, Navoiy va Namangan viloyatlari Xalq ta’limi boshqarmalari hamda Respublika bolalar kutubxonasi, Respublika ta’lim markazi, Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi veb-saytlari ishlab turishiga qaramasdan, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar umuman bajarilmagan.
Shuningdek, Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari Xalq ta’limi boshqarmalari hamda Psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi, Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, “O‘quv-ta’lim-ta’minot” DUK rasmiy veb-saytlari esa ishlamaydi.
Yig‘ilishda ochiqlikka oid qonunchilik talablari bajarilmasligi aholining asosli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.
Qo‘mita a’zolari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni o‘z muddatida e’lon qilib borishi, faoliyat ochiqligini ta’minlashdagi kamchiliklarni bartaraf etishi lozimligi qayd etildi.
LiveBarchasi