XTV 16 yoshga to‘lgan o‘quvchilarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
17 mart 2022
46846O‘zbekistonda 122 mingdan ortiq maktab bitiruvchilari pasport (ID karta) olmagan. Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishni so‘radi.
Vazirlikning qayd etishicha, oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi.
Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami -JSHSHIR) kiritish talab etiladi. Shu bois, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur.
Bu jarayonda bitiruvchilarga yanada qo‘laylik yaratish maqsadida attestat.uzedu.uz elektron bazasi DTM abitur.dtm.uz sayti bilan integratsiya qilingan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy o‘quv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq o‘quvchilar bitiradi. Bugungi kunda bitiruvchilarning elektron ma’lumotlar bazasi attestat.uzedu.uz saytida 16 yoshga to‘lgan 122 mingdan ortiq bitiruvchilar (31 foio‘) pasport olmagan.
“Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchi yoshlar!
Farzandingizning konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini ta’minlashingizni so‘raymiz.
Maktab ma’muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport ma’lumotlarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritib, ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshirishda ko‘maklashishga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar pasport olishlari uchun Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga murojaat etishlari mumkin.
LiveBarchasi