Aytamiz ham, qaytamiz ham: Maktab darsliklari doimiy tekin bo‘ladi
Jamiyat
−
06 Sentabr 2022
17160O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov bugun, 6 sentyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maktab dasrliklari ijarasi faqat joriy o‘quv yilida bepul bo‘lishini, kelasi yillar masalasi ham ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, kelgusida bu tartib davom etish-etmasligi ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, Hukumat tomonidan belgilanadi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Xalq ta’limi vazirligi Matbuot anjumanida bir mavzuda kamida 2-3 ta qarama-qarshi fikr aytgan vazir o‘rinbosarlarining gaplariga izoh berib, darsliklar hamma yillarda to‘liq bepul bo‘lishi haqida bayonot berdi.
“Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida soha faoliyati bilan bog‘liq keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan dolzarb masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar xususida atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.
Qizg‘in va turli mavzularga boy bo‘lgan anjuman davomida jurnalistlarning xalq ta’limi tizimi, jumladan, maktab darsliklarini chop etish, ularning ijarasi, elektron kundalik tizimi va boshqa muhim savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berildi.
Ta’kidlanganidek, endilikda maktab darsliklarining ijara to‘lovlari doimiy ravishda bepul bo‘ladi va ayni damda buning mexanizmi ishlab chiqilishi bo‘yicha Davlatimiz rahbari tomonidan topshiriq olingan.
Tadbir davomida ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va malakasini oshirishga doir qator muhim masalalar yuzasidan ishtirokchilar savollariga javob berildi”, deyiladi Xalq ta’limi vazirligi tarqatgan “Maktab darsliklarining ijarasi doimiy bepul bo‘ladi”, nomli xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2 sentyabr kuni 2022-2023 o‘quv yili maktab darsliklarning ijara narxi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, ta’lim tili o‘zbek sinflar uchun darsliklar to‘plamlarining ijara narxlari 108 foizga oshirildi. Ota-onalar va jamoatchilik orasida norozilikni keltirib chiqargan ushbu masala bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirib, narx oshishini yangi darsliklarning chop etilish harajatlari, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi va qog‘ozni O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha transport harajatlarining keskin oshib ketishi bilan izohladi.
Kitob ijarasi bo‘yicha noroziliklar Prezidentgacha yetib borishi ortidan, davlat rahbari darsliklarni tekinga berishga ko‘rsatma berdi. Davlat rahbari, shuningdek, maktab darsliklarini sifat jihatidan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqishni buyurgan.
LiveBarchasi