Xitoy Trampning G‘azoni egallash rejasiga qarshi chiqdi

Olam

image

Xitoy AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorini “zabt etish” va u yerda yashovchi falastinliklarni qo‘shni davlatlarga, jumladan Misr va Iordaniyaga joylashtirish rejalariga qarshi chiqdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan brifingda ma’lum qildi.

“Pekin Falastinni falastinliklar boshqarishi kerak, deb hisoblaydi va bu urushdan keyingi boshqaruvning asosiy tamoyiliga aylanishi kerak”, dedi Lin Szyan.

Uning ta’kidlashicha, Pekin G‘azo aholisini majburiy ko‘chirilishiga qarshi.

“Umid qilamizki, barcha manfaatdor tomonlar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va urushdan keyingi boshqaruvni ikki davlat yechimi va Yaqin Sharqda mustahkam tinchlik o‘rnatish asosida Falastin masalasini to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun imkoniyat sifatida ko‘radi”, dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan Oq uyda o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida AQSH G‘azo sektorini o‘z nazoratiga olishini va unga “uzoq muddatga” egalik qilishini aytgan edi.

Tramp, shuningdek, mintaqada “xavfsizlik maqsadida” AQSH qo‘shinlarini joylashtirish imkoniyatiga ham ruxsat berdi. AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Falastin anklavining aholisi boshqa boradigan joyi yo‘qligi sababli mintaqaga qaytgan.

“Bu odamlar yashashi mumkin bo‘lgan joy emas va ular qaytishni xohlashlarining yagona sababi - boshqa alternativa yo‘qligi. Shuning uchun men odamlar G‘azoga qaytmasligi kerakligiga ishonaman”, degan Tramp.

Netanyaxu esa bu so‘zlarni ijobiy qabul qildi. Isroil Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Tramp “yangi g‘oyalar bilan o‘ylaydi” va “an’anaviy tafakkurni yo‘q qilishga tayyorligini namoyish etadi”.

Yanvar oyi oxirida Tramp arab davlatlarini G‘azo sektoridan ko‘proq qochqinlarni qabul qilishga chaqirib, ular Falastin arablari uchun bu sektordan tashqarida “balki tinch yashashlari mumkin bo‘lgan” uylar qurishlari kerakligini aytgan edi.

“Odamlar orqaga qaytishlari kerak deb o‘ylamayman. Hozir G‘azoda yashashning iloji yo‘q. Menimcha, bizga boshqa joy kerak. Menimcha, bu yer odamlarni xursand qiladigan joy bo‘lishi kerak”, dedi Tramp.

1 fevral kuni Qohirada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Misr, Iordaniya, BAA, Saudiya Arabistoni va Qatar Tashqi ishlar vazirlari Trampning G‘azo aholisini boshqa arab davlatlariga evakuatsiya qilish haqidagi taklifini rad etishdi. Qo‘shma bayonotda Tashqi ishlar vazirlari “falastinliklarni o‘z yerlaridan ko‘chirish yoki ko‘chirishni rag‘batlantirish”ga qarshi chiqishdi.

Trampning taklifi allaqachon AQSH siyosatchilari tomonidan tanqidga uchragan. Demokrat senator Kris Myorfining aytishicha, Prezident “aqldan ozgan”.

“U butunlay aqldan ozgan. AQSHning G‘azoga bostirib kirishi minglab amerikalik askarlarning o‘limiga va Yaqin Sharqda o‘n yillik urushga olib keladi. Bu yomon, kasal hazilga o‘xshaydi”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida

Tramp tarafdori va Janubiy Karolinadan respublikachi senator Lindsi Grem ham bunga shubha bildirdi.

“Keling, arab do‘stlarimiz bu haqda nima deyishlarini ko‘raylik. O‘ylaymanki, ko‘pchilik janubiy karolinaliklar G‘azoni egallash uchun amerikaliklarni yuborishdan xushlamasa kerak. Menimcha, bu muammoli bo‘lishi mumkin, lekin men ochiq fikrda bo‘laman”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing