“Xalq G‘aniyev kerakmas deyapti”. So‘xliklar Aripovga dardini aytdi
Jamiyat
−
02 iyun 2020
40356Avvalroq, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistn bilan chegara hududida yuz bergan mojaro sabab Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga borgani haqida xabar bergan edik. Hukumat rahbari chegara hudida qo‘shni davlat delegatsiyasi bilan uchrashishdan tashqari, mahalliy aholining shikoyatlarini ham eshitdi.
So‘xliklar Bosh vazirga o‘z muammolarini aytib, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning faoliyatidan norozilik bildirgan. Xususan, aholi yaylovlar masalasi adolatsiz hal etilayotganidan shikoyat qilgan.
Vazir xalq ichidan bir odamni ko‘rsatib, uni Yaylovlar bo‘yicha nazorat kengashining raisi bo‘lishini aytganda, aholi buni hayqiriqlar bilan qarshi oldi.
Shundan so‘ng, boshqa bir fuqaro chegara muammo jiddiy ekanini, Qirg‘iziston fuqarolari chegaradan o‘tib qolgan bolalarga tajovuz qilishi holatlar kuzatilib turishini aytib o‘tgan. Bundan tashqari, qamalib qolgan ayollarni 20-50 ming dollar berib qutqarib kelishga ham to‘g‘ri kelgani va bu ma’lumotlar Bosh vazirga yetib bormagan bo‘lishi mumkinigi ta’kidlandi.
Fuqaro muammolarni sanab, xalq mahalliy hokimiyatga ishonmay qo‘yganini ma’lum qildi. So‘xliklar G‘aniyevga ishonmasligini va buning sababini aytdi.
“Xalq G‘aniyev kerakmas, deyapti”. Nima uchun, bilasizmi? Xalq G‘aniyevni hurmat qilardi. G‘aniyev mana bu yerga kelib, “kerak bo‘lsa So‘xni xaritadan o‘chirtirib tashlayman”, debdi... Tojikiston bilan Qirg‘izistonga beraman, debdi”, deya viloyat hokimidan noroziligini bildirdi fuqaro. Atrofda to‘planganlar esa uni qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududidagi aholi o‘rtasida Chashma bulog‘ining suvidan foydalanish ustida mojaro kelib chiqdi. Ikki o‘rtadagi janjalda O‘zbekistondan 187 kishi yaralangan, Qirg‘izistondan 25 kishi jabrlangan. Bir nechta uyga o‘t qo‘yib yuborilgan.
Yuz bergan to‘qnashuv bo‘yicha O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov uchrashuv o‘tkazib, tergov harakatini birgalikda olib borishga kelishib oldi.
LiveBarchasi