Qirg‘iziston Rishton-So‘x yo‘lini YeOII sabab yopib qo‘ygan – Aripov
Jamiyat
−
02 iyun 2020
20432Xabaringiz bor, joriy yilning 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikalari chegarasida joylashgan Chashma qishlog‘ining Chashma bulog‘i oldida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida katta mojaro yuz berdi. Vaziyat yuzasidan qo‘shni davlat rasmiylari bilan uchrashish uchun shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov Qirg‘izistonga bordi.
Hukumat rahbari biryo‘la So‘x tumani aholisi bilan ham uchrashdi. Ularning shikoyatlarini eshitib, Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Kecha ro‘y bergan holat yurtimizga yarashmaydi. Prezidentimiz qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘lini tanlamoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev topshirig‘i bilan keldik. Muammolar talaygina. O‘tgan yili ham Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasini qo‘ygandik. Ikki kun ishladi, keyin yopildi.
Bugun uchrashuvda Qirg‘iziston delegatsiyasi rahbari (Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov - tahr.) buning uchun uzr so‘radi. Ular Yevroosiyo ittifoqiga a’zo bo‘lgani uchun, ularning talabi bilan yopishga majbur bo‘lgan. Xabaringlar bor, O‘zbekiston ham ittifoqqa kuzatuvchi sifatida a’zo bo‘lyapti. Kuzatuvchi ham hamma huquqlarga ega bo‘ladi.
Bugun biz Qirg‘iziston tomoniga birinchi bo‘lib Rishton-So‘x yo‘lini qisqa muddatda ochish masalasini qo‘ydik. Bu degani Farg‘onaga olib boruvchi yo‘l 80 kilometrga qisqaradi. Endi u davlat rahbariga borib aytadi.
Men ham Prezidentga bu yerdagi gaplar bo‘yicha hisobot beraman. Barcha takliflarni mujassam qilib Prezidentimizga kiritamiz. Muhtaram Prezidentimiz shu hafta Farg‘onaga keladilar. Sizlarning oldilaringizga mening o‘rinbosarlarim keladi... bu yerda ko‘p muammolar bor ekan... birinchi navbatda yo‘llar masalasi yomon ekan.
Bu masalani shunday hal qilamiz: migratsiyaga keta olmagan yosh yigitlarimiz ko‘p. Shulardan brigadalar tuziladi, oylik to‘lanadi, qurilish materiallari beriladi, o‘zlaring qurasizlar, talab bitta, sifatli bo‘lsin.
Ikkinchi masala, Qirg‘iziston hududidagi yaylovlardan foydalanish masalasi. Bu masalani ham qo‘ydik. Qirg‘iziston tomoni bu masalani ham qisqa muddatda hal qilishga va’da berdi. Bu bo‘yicha yana gaplashamiz.
Keyingi masala Chashma buloq masalasi. U chashma bu mo‘’jiza, insonlarga Yaratgan egam tomonidan berilgan ne’mat. Shuning uchun, bu muqaddas chashmadan ham bizning fuqarolar, ham qo‘shni respublika fuqarolari foydalanishga haqqi bor. Bu joyni chiroyli hududga aylantiramiz. Undan hamma birdek foydalanadi. Suvda kimdir cho‘milmasligi uchun panjara bilan chiroyli qilib o‘rab qo‘yamiz. Uni tozalash kerak bo‘lganda, O‘zbekistondan uch, Qirg‘izistondan uch vakil kirib birgalikda qaraydi.
Shu haftada o‘rinbosarlarim kelib So‘xdagi ijtimoiy masalalar, ish joyi muammolarini o‘rganib, hal qilishadi. Men shifoxonaga bordim, ko‘p uskunalar yo‘q ekan. Sog‘liqni saqlash vaziriga topshiriq berdim, zamonaviy uskunalar olib kelinadi”, deydi Abdulla Aripov.
Shundan so‘ng, so‘xliklar mahalliy hokimlardan shikoyat qildi. Xususan, ulardan biri hokimlar yaylovlarni undan olib bunisiga sotishidan shikoyat qilgan.
Aripov vodiyga safari davomida So‘x tumani markaziy shifoxonasiga borib, bemorlar va jarohat olganlar holidan хабар oldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilyapti. Hozirda tegishli qonun loyihasi parlamentning har ikki palatasi tomonidan ma’qullangan.
LiveBarchasi