Aripov, Azizov va G‘aniyev chegaradagi mojaro sabab Qirg‘izistonga bordi. Tomonlar kelishuvga erishdi
Jamiyat
−
01 iyun 2020
17514Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov va O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Botken viloyatining “Chechme-Avtodorojnыy” nazorat o‘tkazuv punktida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat chegara hududidagi qishloqlar aholisi o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuv muhokama qilindi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, tomonlar hodisa bo‘yicha birgalikda tergov harakatlari olib borishga kelishib oldi.
Uchrashuvda tomonlar chegarada yuz bergan ko‘ngilsiz voqea uchun afsusda ekanini bildirgan. To‘qnashuvning kengayib ketmasligi, keskinlikni yumshatish va keyinchalik bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikda harakat qilishga kelishilgan.
Kubatbek Boronov va Abdulla Aripov ikki tomonlama hamkorlik va boshqa dolzarb masalalarda fikr almashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomondan Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Abdusalom Azizov va Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ham ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni Qirg‘izistonning Chechma va O‘zbekistonning Chashma qishlog‘i aholi o‘rtasida mojaro yuz berdi. Tomonlar bir birlarini toshbo‘ron qilib, uylarga o‘t qo‘yib yubordi. Keyinroq mojaro suvdan foydalanish ustida kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Ikki davlat huquq tartibot idoralari esa vaziyat izdan chiqmasligi uchun chegara hududini birgalikda patrul qilishga kelishib oldi.
LiveBarchasi