Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Qirg‘izistondagi yangi qonun loyihasini rad etishga chaqirdi

Olam

image

Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti Qirg‘iziston parlamentini nodavlat tashkilotlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan qonun loyihasini rad etishga chaqirdi. Bu haqda kecha, 9 iyun kuni e’lon qilingan tashkilot bayonotida aytildi. 

Ko‘rib chiqilayotgan qonunga ko‘ra, agar nodavlat tashkilotlar xorijdan mablag‘ olib, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullansa, Adliya vazirligida “xorijiy vakil” sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart bo‘ladi.

Aytish joizki, joriy yilning 19 may kuni deputatlar Qirg‘iziston Respublikasining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun ro‘yxatga olgan. Hujjatda xorijdan grant oladigan notijorat tashkilotlarga “xorijiy agent” maqomi berilishi nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmaganlik tashkilot faoliyati, shu jumladan, bank operatsiyalarini olti oygacha yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar to‘xtatilishiga olib kelishi mumkin.

HRW’ga ko‘ra, bu talab xorijdan mablag‘ oluvchi guruhlarni obro‘sizlantirish va qoralashga qaratilgan bo‘lib, u mamlakatda fuqarolik jamiyati allaqachon hujumga uchragan bir paytda unga sovuq ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“Qonun loyihasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga to‘g‘ri kelmaydi, birlashish va so‘z erkinligini cheklaydi, ayrim hollarda nodavlat tashkilotlar va ularning xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortadi. Qonun loyihasi Qirg‘izistondagi faol fuqarolik jamiyatiga jiddiy tahdid soladi. Uni qaytarib olish kerak”, deydi Human Rights Watch'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Siynat Sultonaliyeva.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasida “davlat siyosatini o‘zgartirish va shu maqsadlarda jamoatchilik fikrini shakllantirishga qaratilgan harakatlar” sifatida ta’riflangan siyosiy faoliyatning noaniq va haddan tashqari keng ta’rifi so‘nggi bir yilda birlashish va so‘z erkinligi tobora ko‘proq hujumga uchragan Qirg‘iziston Respublikasida fuqarolarning faolligiga alohida xavf tug‘diradi.

“Bu choralar Qirg‘izistonda inson huquqlari, demokratiya va ijtimoiy adolatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan tashkilotlarning ovozini o‘chirish bilan tahdid qilmoqda”, deyiladi bayonotda.

HRW’ning bildirishicha, ushbu hujjat Qirg‘izistonning respublika a’zo bo‘lgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bo‘yicha olgan majburiyatlariga ziddir. 

Huquq faollari Qirg‘iziston Respublikasining xalqaro hamkorlari, xususan, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Birlashgan Millatlar Tashkiloti qonunning salbiy oqibatlaridan o‘z xavotirlarini oshkora izhor etishlari va Prezident Sadir Japarovni agar qonun parlament tomonidan qabul qilinsa, uni imzolamaslikka chaqirishi kerak, deb hisoblaydi.

“Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, respublikadagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini to‘xtatuvchi ta’sir ko‘rsatadi, ularning inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kuchli va inklyuziv jamiyat rivojlanishiga hissa qo‘shish imkoniyatlarini cheklaydi. Natijada Qirg‘iziston Respublikasining xalqaro obro‘siga putur yetadi”, deya qo‘shimcha qilgan Siynat Sultonaliyeva.                  

Ma’lumot uchun, mazkur qonun loyihasi dastlab 2022 yilning noyabr oyida deputat Nodira Normatova tomonidan jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan, biroq keyin qaytarib olingan. Joriy yilning may oyida unga yana 32 deputat ham homiy sifatida qo‘shilgan va qonun loyihasi parlamentga qayta kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash qonun o‘tgan yili Rossiyada qabul qilingandi. Shu yilning mart oyida esa Gruziyada xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun kun tartibiga chiqdi, buning ortidan esa Tbilisida norozilik namoyishlari avj oldi. Namoyishlar fonida qonun loyihasi parlamentda rad etildi. Mart oyi o‘rtalarida “Politico” nashri Yevropa Komissiyasi ham xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunning Yevropacha versiyasini tayyorlashga kirishganini xabar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston xorijiy agent xorijiy vakil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing